bugungi kunda dunyo aholisining katta qismini nosog‘lom turmush tarzi tufayli surunkali kasalliklar bezovta qilib kelmoqda.

Jumladan, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra, dunyoda o‘limga sabab bo‘luvchi omillarning 30 foizini chekish, 8 foizini alkogol mahsulotlari iste’mol qilish, 27 foizini boshqa holatlar, 35 foizini esa oziq-ovqat tarkibidagi zararli moddalar va noto‘g‘ri ovqatlanish tashkil etgan.

Xususan, mamlakatimizda ham aholining 56 foizini ortiqcha vazn, 30 foizini surunkali kasalliklar bezovta qilib kelmoqda. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda 10,7 million aholi sog‘lom turmush tarzini olib bormaydi. Aholining 16,5 foizi tamaki va 4,7 foizi alkogol iste’mol qilishi, 16 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilmasligi (kuniga 400 grammdan kam), 36,6 foizi taomga qo‘shimcha tuz qo‘shishi, 32,9 foizida ortiqcha vazn va 23,5 foizida semizlik mavjudligi, 38 foizida yuqori arterial bosim va 8,4 foizi qonida qand miqdorining yuqoriligi, 26 foizining esa jismoniy faolligi sustligi aniqlangan.

Bu esa, mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan har bir islohotlarni amalga oshirishda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, keyingi yillarda sog‘lom turmush tarziga oid normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinib, qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, ayni kunlarda keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida ham “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakatini boshlashga qaratilgan alohida vazifa belgilanmoqda.

Ya’ni, ushbu harakat doirasida aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faollik darajasini oshirish maqsadida smartfon va mobil ilovalar yordamida o‘z sog‘lig‘i va ovqatlanishini nazorat qilishni o‘rgatish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mobil ilova yaratish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, bolalarga mo‘ljallangan nosog‘lom oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari hamda energetiklar, dori vositalari, biologik faol moddalar reklamasiga bo‘lgan talablar kuchaytiriladi. Ta’lim muassasalarida bolalar va yoshlar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar, shu jumladan, tarkibida shakar, tuz, transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, ta’m va rang beruvchi qo‘shimchalar ro‘yxatini tasdiqlash va iste’molini kamaytirish, mahalliy mahsulotlar turlaridan kelib chiqib, aholining har bir xavf guruhi va kasallik turlari uchun alohida-alohida sog‘lom ovqatlanishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, ish joylarida xodimlarning ham jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi va sog‘lom ovqatlanishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Natijada, aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va keksalar orasida sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish, jismoniy faollikni oshirish ko‘nikmalari shakllanadi. Bu esa, fuqarolarimizga sog‘lig‘i bilan bog‘liq ortiqcha xavotirlardan qutulish, faol turmush tarzi orqali o‘z maqsad va rejalarini uzluksiz amalga oshirish imkonini beradi.

Albatta, bu jarayon birgina “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakatining joriy etilishi bilan hal qilinadigan masala emas. Endilikda har bir jamiyat faoli o‘zi bilan bir qatorda qolganlarni ham sog‘lom turmush tarziga amal qilishga chorlashi zarur. Shundagina biz ko‘zlangan maqsad va natijalarga erishamiz.

Mavluda ADHAMJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA