Joriy yil mamlakatimiz og‘ir atletikachilari uchun qiziqarli musobaqalarga boy sport mavsumi bo‘ladi. Shuningdek, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining dastlabki yo‘llanmalarini qo‘lga kiritish uchun o‘tadigan nufuzli turnirlardan iboratligi bilan alohida ajralib turadi.
Xo‘sh, joriy yilda dunyo og‘ir atletikachilari qatori O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari aynan qaysi xalqaro musobaqalarda medallar uchun kurash olib boradi?
Eng avvalo, ta’kidlamoq kerakki, yil davomida turli yosh toifasidagi terma jamoalarimiz xalqaro ahamiyatga ega 11 ta musobaqada ishtirok etishi belgilangan. Yilning ilk xalqaro og‘ir atletika bahslariga Albaniyaning Durres shahri mezbonlik qiladi. Ushbu mamlakatda joriy yilning 25 mart –1 aprel kunlari o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yili Meksikaning Leon shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan Jahon chempionatida 4 nafar sportchimiz qatnashib, 8 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega chiqqan edi. Bu gal ushbu natija yanada yaxshilanadi, degan umiddamiz.
Joriy sport mavsumining eng qiziqarli musobaqalaridan – Osiyo chempionati 3-13 may kunlari Janubiy Koreyaning Jinju shahrida o‘tadi. Mazkur qit’a chempionati “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmalarini taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.
“Parij-2024” yo‘llanmalari o‘ynaladigan “IWF Grand Prix” turniri 2-12 iyun kunlari Kubaning Gavana shahri mezbonligida tashkil etilsa, shu nom ostida bo‘ladigan mazkur turnirning yana biri 1-17 dekabr kunlari Qatarda o‘tkaziladi. Aytish lozim, ushbu ikkala turnir Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi taqvimidagi eng asosiy turnirlardan sanaladi.
Bu yil ham Toshkent xalqaro og‘ir atletika musobaqalarining markazlaridan biriga aylanadi. Joriy yil 11-16 iyun kunlari O‘zbekiston poytaxtida Markaziy Osiyo ochiq chempionati mintaqa sportchilarini g‘oliblik yo‘lida kurash maydoniga jamlaydi. O‘tgan yili qit’aning eng kuchli o‘smirlari va yoshlarini aniqlagan qit’a chempionatiga bu gal Hindiston mezbonlik qiladi. Musobaqalar 28 iyul – 5 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, og‘ir atletikachilarimiz 4-14 avgust Belarusda bo‘ladigan MDH o‘yinlarida, 20-31 avgust Xitoyda kechadigan jahon kubogida, 23 sentyabr-8 oktyabrda yozgi Osiyo o‘yinlarida, 1-10 noyabrda Meksikada yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
2023 yil kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bu safar 2-17 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkaziladi. Mavsumning eng nufuzli musobaqasida terma jamoamiz a’zolari munosib natijalarga erishishi yo‘lida murabbiy va mutaxassislar boshchiligida tizimli tarzda qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatimiz og‘ir atletikachilari o‘tgan yilgi xalqaro turnir va chempionatlarda umumiy hisobda 142 ta medallar shodasini qo‘lga kiritgan edi. Shundan 54 tasi oltin, 37 tasi kumush va 51 tasi bronza medallaridan iborat bo‘lgan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA