Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Yoshlar parlamenti saylovining 2-bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi xodimlari, saylov komissiyasi a’zolari, deputat yordamchilari, tegishli okrugdagi tumanlardan tanlab olingan nomzodlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri, O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi S.Turmanov va boshqalar ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, siyosiy jarayonlarda ularning faolligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy faolligi hamda tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yildan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” ning  tashkil qilinganligi buning yaqqol isbotidir.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy ongi va savodxonligini oshirish, jamiyatda yoshlarni siyosiy faol qatlamga aylantirish, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoniga yoshlarni jalb qilish, qabul qilinayotgan qonunlarni keng targ‘ib qilish orqali ularning parlament hayotiga daxldorligini oshirish, parlament bilan yanada yaqinlashtirish “Yoshlar parlamenti” ning asosiy maqsadidan biri hisoblanadi.

Saylovning dastlabki bosqichida tegishli okrugdagi tumanlarda tanlab olish orqali o‘tkazilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida qatnashish istagini bildirgan 300 nafardan ziyod yoshdan 22 nafarining hujjati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ko‘rib chiqish uchun saralab olindi.

O‘tkazilgan suhbat jarayonida nomzodlar qonunchilik borasidagi bilim va ko‘nikmalari, siyosiy va huquqiy savodxonligini, qonunchilikni takomillashtirish, partiyaning g‘oyaviy maqsad va vazifalarini yoshlar orasida kengroq targ‘ib qilishga qaratilgan fikr va takliflarini, o‘zlarining saylovoldi dasturlarini slaydlar orqali  tushuntirib berishga harakat qildi.

E’tiborli tomoni “Yoshlar parlamenti” ga nomzod avval ikki yilga saylanadigan bo‘lsa, endilikda ikki yarim yilga saylanadi. Saylov yakuni bo‘yicha 2-sonli “To‘rtko‘l”, 5-sonli “Xo‘jayli” va 6-sonli “Chimboy” saylov okruglaridan 7 nafar nomzod saralab olinib, saylovning respublika bosqichiga qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri