Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’mat Atamuratov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda aholini qiziqtirayotgan savollarga javob berildi.
Qayd etilishicha, uy snosga tushgan yoki tushmaganini bilish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Ko‘chmas mulk bo‘limidan Ko‘chmas mulk buzilishga tushgan yoki tushmaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish xizmatini tanlab ariza beriladi.
Ariza 3 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi va ma’lumotnoma taqdim etiladi. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarorida belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, sotib olingan yerga uy qurish uchun avval yerning o‘zini kadastr pasporti shakllantiriladi. Keyin yer davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng qurilish loyihasiga tuman qurilish bo‘limlaridan ruxsat olinadi. Qurilish qilanadi. Qurilgan imoratni foydalanishga qabul qilish uchun davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi. O‘sha murojaat asosida ko‘chmas mulkning kadastr hujjati rasmiylashtiriladi va fuqaroga kadastr pasporti beriladi hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Autsion savdolari orqali yer uchastkasi yutib olinganida yerni kim o‘lchashiga aniqlik kiritish uchun Davlat kadastrlari palatasining tegishli tuman shahar filiallari yoki qurilish bo‘limlariga murojaat qilinadi. Uch ish kuni davomida yer o‘lchab beriladi.
Kadastr agentligi tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tekshirish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga imkoniyat yaratilgan. Buning uchun davreesrt.uz portaliga kiriladi. Bunda 3 xil shaklda ma’lumotlarni tekshirish mumkin:
• Kadastr raqami orqali;
• soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami orqali;
• jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami orqali.
Ko‘chirma olishni istagan fuqarolar uchun sayt orqali yagona interaktiv davlat xizmatlari portalga o‘tish imkoniyati ham mavjud.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA