Milliy olimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi bosh kotibi Nodir Ibragimov Italiyada ushbu mamlakat ot sporti federatsiyasi bosh kotibi Simone Perillo bilan uchrashdi.

Muloqot davomida terma jamoalar o‘rtasida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, dunyoga mashhur “Pratoni del Vivaro” ot sporti klubida o‘tadigan nufuzli xalqaro musobaqa va turnirlarda o‘zbekistonlik chavandozlarning ishtirokini ta’minlash kabi mavzular muhokama qilingan.

Shuningdek, Italiya ot sporti federatsiyasi vakillari joriy yil aprel oyida poytaxtimizda o‘tadigan xalqaro musobaqaga taklif qilindi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA