FOTOREPORTAJ

Kitob mutolaasi – yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kitobxonlik madaniyati yuksak avlodgina barkamol shaxs sifatida shakllana oladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani axborot-kutubxona markazi ham aholi o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Markaz 19 ming 421 nomdagi 64 ming nusxadan ziyod kitob fondiga ega. Shundan badiiy adabiyotlar 45 ming 966 nusxani, fan sohalariga oid kitoblar esa 17 ming 773 nusxani tashkil etadi. Shuningdek, fond gazeta, jurnal va elektron kitoblar bilan muntazam boyitilib boradi.

Tumani hokimligining ko‘magi bilan axborot-kutubxona markazi yaqinda Oybek mahallasi hududidagi yangi binoga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda kitob mutolaasi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Ilm olishni istagan har bir kitobxon ilmiy yoki badiiy adabiyot bo‘ladimi, barini shu yerning o‘zidan tezda topishi mumkin. Shu bois ham, kutubxona a’zolari kun sayin ortmoqda. Ayni paytda mazkur axborot-kutubxona markazi xizmatidan foydalanuvchi kitobxonlar soni 13 ming 643 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, markaz xodimlari tomonidan kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida turli intellektual tanlovlar, ijodiy kechalar, aksiyalar tashkil etilmoqda.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA