Yerevan Anqara bilan munosabatlarini to‘liq yaxshilashga va ikki mamlakat o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga tayyor. Bu haqda chorshanba kuni Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Anqarada Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuni bo‘yicha bergan bayonotida aytib o‘tdi.
“Zilzila tufayli halok bo‘lganlarga ta’ziya bildiraman va jabrlanganlar tezroq sog‘ayib ketishini tilayman. Biz 1988 yilda halokatli zilzilani boshdan o‘tkazganmiz va haqiqatan ham Turkiya va uning xalqi boshdan o‘tkazayotgan azoblar bizga begona emas. Bunday tabiiy ofatlar butun insoniyat fojiasi hisoblanadi va bunday vaziyatlarda gumanitar inqirozga qarshi kurashda bizga birdamlik kerak”, – deya ta’kidlagan u.
“Ushbu murakkab davrda Turkiyada bo‘lib turgan ekanman, yana bir bor ishontirib aytishim mumkinki, Turkiya bilan diplomatik munosabatlarni o‘rnatish uchun mintaqada tinchlikni qaror toptirish hamda ushbu mamlakat bilan munosabatlarni barcha yo‘nalishda yo‘lga qo‘yishga tayyormiz”, dedi u.
Hozirda Armaniston bilan Turkiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar mavjud emas. Ayni paytda mamlakatlar munosabatlarini yaxshilashga harakat qilmoqda.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lining bayonot berishicha, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda armanistonlik hamkasbi Ararat Mirzoyan bilan ikki mamlakat o‘rtasida quruqlik orqali aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun infratuzilmalarni tayyorlash jarayonini tezlashtirishga kelishib olgan.