2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili
Sog‘liqni saqlash vazirligi Hay’at yig‘ilishida tibbiy ta’limni rivojlantirish, soha xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov olib bordi.
Qayd etilganidek, Prezidentimiz topshiriqlari asosida keyingi 6 yilda yurtimizda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari soni 11 taga yetdi. Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridagi universitet va institutlarda 6 ta tibbiyot fakulteti tashkil etildi.
Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkiyaning sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikda Turkiya tibbiyot fakulteti, Toshkent shahrida N.I.Pirogov nomidagi Rossiya tibbiyot universitetining hamda Jizzax shahrida Qozon federal universitetining filiallari ochildi.
Rossiya, Koreya, Germaniya, Belarus, Turkiya, Ukraina, Hindiston, Italiya, Xitoy, Polsha davlatlarining 22 ta universiteti bilan 12 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 10 ta magistratura va 8 ta klinik ordinatura mutaxassisliklari bo‘yicha xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bakalavriatda 4 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochilib, qabul kvotalari 2,4 barobar, magistraturada 14 ta yangi mutaxassiclik hisobiga kvotalar 3 barobar, klinik ordinaturada esa 6 ta yangi mutaxassislik tashkil etilishi natijasida kvotalar 2 barobarga oshirildi.
Internatura joriy etilib, 19 ta yo‘nalish bo‘yicha yiliga 500 nafar tor mutaxassis tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, o‘quv rejalaridagi nomutaxassis fanlar ulushi 2 barobar qisqartirildi. Xorijdan 350 nafar professor-o‘qituvchi o‘quv jarayoniga jalb qilinib, ilmiy salohiyat 32 foizdan 46 foizga oshdi.
Yig‘ilishda 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab kollej va texnikumlarda kadrlar tayyorlash tizimi mutlaqo yangi tartib va yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Endilikda, birlamchi bo‘g‘in muassasalari uchun kollejlarda umumiy amaliyot hamshirasini tayyorlash 2 yillik dastur asosida amalga oshiriladi.
Texnikumlarda ixtisoslashtirilgan hamshiralar (xirurgiya, paramedik, anesteziologiya, fizioterapiya, feldsherlik, nur va funksional diagnostika, tibbiy profilaktika ishi, farmatsevt assistenti, stomatologiya, ortopedik stomatologiya texnigi) 3 yillik dastur asosida tayyorlanadi. Oliy ta’lim muassasalarida oliy malakali hamshiralar tayyorlash 4 yillik xalqaro o‘quv dasturlari asosida amalga oshirilib, talabalar 2 yil O‘zbekistonda, 2 yil xorijda ta’lim oladi.
Shu oydan boshlab 2-Respublika tibbiyot kolleji negizida shifokor va hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha Saudiya Arabistonining «Al Habib akademiyasi» tashkil etiladi. Turkiyaning sog‘liq bilimlari universiteti bilan hamkorlikda Hamshiralar akademiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhimi, shu yildan har bir kollej va texnikumga xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy qilish majburiyati yuklatiladi.
Hay’at yig‘ilishida tizimdagi tibbiy oliy o‘quv yurtlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ham ustuvor vazifalar belgilandi.
– Tibbiy oliy ta’lim muassasalarimizning milliy yoki dunyo reytingida tutgan o‘rni talab darajasida emas, – dedi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov. – Shundan kelib chiqqan holda tibbiy OTMlarning 2023 yil uchun tayyorlanayotgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) Milliy reytingda dastlabki 10 talik va dunyodagi top 1000 talik reytingidan joy olish talablarini ko‘zda tutish zarur. Endi har yili kamida 500 nafar yosh, iqtidorli pedagoglar hamda kollej va texnikum direktorlari chet elda malaka oshirishi choralarini ko‘ramiz. Qolaversa, klinik kafedralarning 80 foizi tibbiyot oliy ta’lim muassasasining o‘zida (auditoriya tipida), faqat 20 foizi klinik shifoxonalarda joylashgani ham o‘qitish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tayin. OTMning klinik kafedralarini joylashtirish masalasini tubdan qayta ko‘rib chiqamiz.
Tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tgan muloqotda mas’ullar sohani rivojlantirish bo‘yicha qator taklif va mulohazalarini bildirdi.
M.Qosimova, O‘zA