Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom”ni tasdiqladi.

Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Iqdisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi hamda vazirliklar va idoralarning ichki audit xizmati xodimlari malakasini sertifikatlash va ichki audit milliy malaka sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar malakasini oshirish tartibini belgilaydi.

Mazkur Nizom qoidalari Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklatilmagan lavozimdagi xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Sertifikat O‘zbekiston auditorlar palatasi tomonidan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga beriladi. Bu shaxsning ichki audit bo‘yicha malakasi mavjudligini tasdiqlaydi hamda unta Inspeksiyaning moliyaviy nazorat funksiyasi yuklatilgan lavozimlarda va ichki audit xizmatida faoliyat yuritish imkonini beradi.

Sertifikat dastlab to‘rt yil muddatga beriladi, keyinchalik uning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytiriladi.

Talabgorga qo‘yidagi talablar qo‘yiladi:

O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim tashkilotlarining yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan chet davlatlar oliy ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lish;

iqtisodiyot, moliya, soliq, buxgalteriya hisobi va hisoboti, audit sohasida, shu jumladan, ushbu yo‘nalishlarda ta’lim beruvchi oliy ta’lim tashkilotlarida pedagog sifatida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish.

Talabgor xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa, sertifikat berish malaka imtihoni topshirmasdan amalga oshiriladi.

Buning uchun talabgorning Auditorlar palatasining rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tishi hamda  tegishli hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishi kifoya qiladi.

 

O‘zA