Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi (Gesamtmasche) hamda Sequa xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti vakillarini qabul qildi.

Ma’lumki, bu ikki tuzilma xalqaro hamjamiyatda o‘rta bo‘g‘inda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida katta salohiyatga ega. Shu bois dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ishonchli hamkor sifatida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Uchrashuvda viloyatdagi tekstil sohasida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning malakasini oshirish, ularga zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash borasida ko‘nikmalar berish hamda Farg‘ona paxta-to‘qimachilik sanoati mahsulotlarini Germaniya, shu bilan birga Yevropa bozorlariga eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish hisobiga ikki tomonlama hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ayni jarayonda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan faol hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi. Germaniya trikotaj ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi bosh menejeri Silvia Jangbauyer qabul uchun minnatdorlik bildirib, 2022 yil oktyabr oyida viloyatga tashrifi davomida tekstil sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan ishchi-mutaxassislarni o‘qitish, qayta tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha yanada takomillashtirilganini ta’kidladi. Istiqbolli loyiha tasdiqlanib ijrosiga kirishilsa u O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Farg‘ona viloyatida hayotga tatbiq etilishidan behad mamnun bo‘lishini ma’lum qildi.

Muloqotda viloyat hokimi tekstil sohasida xalqaro miqyosda malakali mutaxassislar tajribasini o‘rganishga ehtiyoj borligiga e’tibor qaratib, bu loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Bu borada Qo‘shtepa tumanida joylashgan “Oqtepa” kichik sanoat zonasidagi “Global textile infinity” korxonasida Muhandislik maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganini aytib, xorijlik mutaxassislarni o‘zaro hamkorlikda ishlashga taklif etdi. O‘z navbatida germaniyalik hamkorlar taklifni ma’qullab, Muhandislik maktabi joyi bilan tanishish va hamkorlikda ish tashkil etishga qiziqish bildirdi.

Muloqotda tekstil sohasi rivojiga hissa qo‘shishi kutilayotgan mazkur loyiha O‘zbekiston – Germaniya o‘rtasida yana bir yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirishda g‘oyatda ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

M.Sulaymonov, O‘zA