Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistondagi Ko‘ragoniylar imperiyasi asoschisi bo‘lib, tarixda ilm-fan va madaniyat homiysi, podshoh, siyosiy daho hamda mohir lashkarboshi sifatida eslanadi.
Araq chu az rux-i on mohpora merizad,
Zi oftob-i daraxshon sitora merizad.
(Mazmuni: O‘shal oy yuzli go‘zal yuzidan ter to‘kilganda porlab turgan quyoshdan yulduzlar to‘kilganga o‘xshab ketadi.)
Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijon shahrida Farg‘ona viloyati hokimi temuriy Umarshayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Otasining vafotidan keyin o‘n ikki yoshida poytaxti Axsikent shahri bo‘lgan Farg‘ona mulkining taxtiga o‘tiradi. O‘z podshohligining boshlarida raqiblarining isyoni bilan to‘qnash keladi.
Boburning siyosiy hayot yo‘li ko‘plab past-balandliklar, jang-jadallar, g‘alaba va mag‘lubiyatlarga to‘la bo‘ldi. U birlashgan yagona davlat tuzish uchun bir shahardan ikkinchi shaharga ko‘chib yurishga, bir necha bor o‘z taktikasini o‘zgartirishga, hatto o‘z qarindoshlariga qarshi jang qilishga majbur bo‘ldi.
Darveshonro garchi na az xeshonem,
Lek az dilu jon mu’taqid-i eshonem.
(Mazmuni: Darveshlar qarindoshlarimiz jumlasidan bo‘lmasalar-da, chin ko‘ngildan ularga ishonamiz.)
Boburning o‘z dushmanlarini mag‘lub etish uchun boshqa davlatlar, jumladan, Erondagi Safaviylar davlati bilan ittifoqchilikda ko‘rsatgan siyosiy tashabbuslari va dahosi hayratlanarlidir.
Bobur markazlashgan davlat tuzish maqsadida qudratli armiya yaratish, jumladan, o‘qotar qurol va artilleriyadan foydalanish ustida bosh qotirdi. Oxir-oqibat, Samarqandni egallash uchun kurashdagi bir necha mag‘lubiyatidan keyin o‘z saltanatini Hindiston yurtiga ko‘chirishga qaror qildi.
Bobur urushlardan va davlat ishlaridan xoli paytlarida o‘zigacha yashab o‘tgan shoirlar, yozuvchilar va olimlar, jumladan, Alisher Navoiyning asarlarini o‘qir, ushbu asarlar bilan tanishuv uning madaniyatga xizmat qilish, ilm-fanni rivojlantirish, mamlakatni obod etishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirardi.
Bobur tinchlik va barqarorlik chog‘larida Hindiston va Xuroson shaharlarida bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini amalga oshirdi, savdo-sotiqning rivojlanishi va xalq farovonligining oshishi uchun yo‘llar va karvonsaroylar qurish kabi keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Ko‘ragoniylar imperiyasi ko‘rsatgan xizmatlardan yana biri – Hindistondagi islom me’morchiligining durdonalari hisoblangan va butun jahon ahlining tahsiniga sazovor bo‘lgan Toj Mahal va Boburiy masjidi kabi shoh asarlar bino etilganidir.
Bobur yuksak did va nozik ta’bga ega bo‘lgan shoir bo‘lib, o‘z his-tuyg‘ulari va qarashlarini sodda til bilan bayon etadi. U devonida ishqiy mazmundagi she’rlarni irfoniy va umumiy mavzudagi she’rlar bilan yonma-yon joylashtirgan.
Navro‘zu navbahoru mayu dilbare xo‘sh ast,
Bobur ba aysh ko‘sh, ki olam du bora nest.
(Mazmuni: Navro‘z, navbahor, may va bir go‘zal yaxshidur. Bobur, aysh qilgin, chunki dunyo qaytib kelmaydi.)
Bobur she’riyati muayyan darajada o‘zidan oldingi shoirlar, ayniqsa Navoiy she’riyatidan ta’sir olgan. U o‘z she’rlarida turli she’riy san’atlardan keng foydalangan, jumladan uning devonidan 52 ta muammo janrida yozilgan she’r joy olgan.
Boburning fors tilida bitilgan she’rlari oz bo‘lsa-da, ushbu she’rlarning o‘zidan uning bu sohadagi buyuk so‘z ustasi ekanligini ko‘rinib turadi.
Doniy kamon-i abro‘-yi jonon siyah charost?
Az go‘shahosh dud-i dil-i xalq dar pay ast.
(Mazmuni: Nega jonon qoshining yoyi qora ekanligini bilasanmi? Uning burchaklaridan xalqning yurak-bag‘ridan chiqqan tutun o‘rlamoqda.)
Boburning ilm-fan, adabiyot va madaniyatga ko‘rsatgan xizmatlari beqiyosdir. Hindiston yarim orolida fors tilining keng yoyilishi u tomonidan asos solingan davlat hukmronligi natijalaridan biridir. Inglizlar istilosiga qadar bo‘lgan davrda fors tili Hindiston yarim orolida keng tarqalgan nufuzli til edi.
Boburning «Boburnoma» nomli o‘qishlik bir kitobda to‘plangan xotiralari uning boshidan kechirganlarning xolis va ob’ektiv bayoni bo‘lib, muallifning yuksak iste’dodi va chuqur tahlil qila olish qobiliyatini ko‘rsatadi.
Umram hama dar firoqu hijron biguzasht bo g‘ussa-vu g‘am,
Va in umr-i garonmoya chi arzon biguzasht boranju alam.
Umre, ki nashud sarf-i Samarqandu Hiriy bo ayshu tarab,
Afso‘s, ki dar Ogra-yi vayron biguzasht bo jo‘ru sitam.
(Mazmuni: Umrim boshdan-oxir g‘am-g‘ussa bilan ayriliq va hijronda o‘tib ketdi, bu qimmatli umr dard-alam bilan qanchalik tez o‘tib ketdi. Samarqand va Hirotda aysh va ko‘ngilxushlik bilan sarflanmagan bu umr, afsuski, vayrona Agrada jabr-zulm bilan o‘tib ketdi.)
Shubhasiz, Boburning xuddi Amir Alisher Navoiy kabi o‘z davrida ilm-fan va madaniyatning yoyilishi, qurilish-obodonchilikning rivojlanishi hamda ezgu amallarning ko‘payishi kabi ishlardagi hissasi barchaga ma’lum. Shunga ko‘ra u davlat va madaniyat arboblari hamda adabiyot ahli uchun munosib bir o‘rnak bo‘la oladi, deya fikr bildiradi Eron Islom Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid NAYYIROBODIY.
O‘zA