Amerikalik tadbirkor, Twitterning yangi xo‘jayini Ilon Mask kompaniyaning yangi bosh direktorligiga Floki itni tayinladi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida itning suratini ham namoyish qilgan.

“Twitterning yangi bosh direktori zo‘r… ana u yigitdan yaxshi! U raqamlarni a’lo darajada tushunadi!” – deb yozdi Mask Twitterda it rasmi bilan birga.  

Rasmda siba-inu naslidagi it, uning qarshisida stolda qog‘ozlar, qog‘ozda panja izlari  aks etgan “muhr” tasvirlangan. Qarshisida Floki (Floki) nomi yozilgan. 2021 yil sentyabr oyida Mask Floki laqabli kuchukcha boqib olgan edi. O‘shanda uning birinchi fotosuratini ham Twitterda namoyish qilgandi.

“U o‘z vazifasi uchun juda mos keladi”, – qo‘shimcha qilgan Mask.

O‘tgan yil dekabr oyida Mask kompaniyaga axmoqroq bosh direktor topganidan  keyin o‘zi ushbu lavozimni tark etishini ma’lum qilgandi. CNBC telekanali esa bu yangilikka izoh berar ekan, Mask Twitter uchun yangi ijrochi  bosh direktor qidirayotgani haqida yozdi.

Amerikaning Twitter Inc. kompaniyasi 2006 yilda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy mahsuloti qisqa ma’lumotlar almashishga mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoq hisoblanadi. Twitterning bosh qarorgohi Kaliforniya shtatining San-Fransisko shahrida joylashgan.