Jahon tarixida she’riyati va shaxsiyati bilan dong taratgan shoirlar, nodir ilmiy asarlari bilan jahonshumul shuhrat qozongan qomusiy allomalar ko‘p. Lekin ular orasida shubhasiz, Zahiriddin Muhammad Boburning siymosi alohida ajralib turadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi «Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy tadbirlar targ‘ibot-tashviqot ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda. Bugun Andijonda ana shu sana munosabati bilan katta tantanalar bo‘lib o‘tdi. Bobur nomidagi maydonga ot choptirib kirgan buyuk ajdodimizning haykali ehtirom ramzi – bahoriy gullarga ko‘mildi. Tadbir ishtirokchilari Bobur Mirzoning ilmiy, ijodiy va harbiy merosi Sharq va G‘arbda birdek mashhur ekani, XVI asrdan boshlab to bugungi kunga qadar yer yuzidagi yuzlab olimu adiblar bu ulug‘ shoir va mutafakkir ijodiga muntazam murojaat etib kelishayotgani, uning asarlari ingliz, yapon, arab, nemis, hind, fransuz, urdu, rus, uyg‘ur, qozoq va boshqa ko‘plab xorijiy tillarga qayta-qayta tarjima qilinayotganini alohida e’tirof etdi.

Tantana ishtirokchilari kelgusida 400 ming aholi yashaydigan yangi Andijon hududi bilan tanishdi. Shu yerdagi mahobatli saroyda «Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator xorijlik va respublikamizning taniqli boburshunos olimlari, shoir, yozuvchilar ishtirok etdi.

“Bobur Amir Temurdan keyingi jahonning eng yirik podshohi, davlat arboblaridan biri, – deydi Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Michigan universiteti professori Temur Xo‘ja o‘g‘li. – Chunki u ham me’morlik sohasida, ham bog‘dorchilik bo‘yicha Hindistonga yangicha madaniyat olib kelgan va obod qilgan. Hozir Hindistonning qaysi shahriga bormang, Haydarobod yoki Agra bo‘ladimi, u yerda Bobur va boburiylar qurgan obidalarni ko‘rasiz”.

Konferensiyada so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 3-rennesans poydevorini yaratish borasidagi sa’y-harakatlar e’tirof etildi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan ikki muhim jihatni alohida ta’kidlamoqchiman. Birinchisi, tarixiy merosni ilmiy jihatdan o‘rganishga e’tibor. Ikkinchisi esa Jadidchilik davri, ularning g‘oyalari, qilgan ishlari, xorij o‘quv yurtlariga talabalarni jo‘natishi. Hozirgi O‘zbekiston shu ishlarga urg‘u bergan”, dedi Temur Xo‘ja o‘g‘li.

Konferensiyada Bobur xalqaro jamoat fondi o‘tgan yili amalga oshirgan ishlar va rejalar haqida ham axborot berildi.

“Prezidentimizning yaqinda Andijon viloyatiga tashrifi davomida Bobur Mirzo siymosiga bildirgan yuksak hurmat va e’tiboriga yana bir bor guvoh bo‘ldik, – deydi Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi, Zokirjon Mashrapov. – Chindan ham bu ulug‘ zot qoldirgan ma’naviy hazina, mana, besh asrdirki, dunyo ma’rifat ahlini o‘ziga maftun etib keladi. Biz «Boburnoma»ning yo‘qolgan qismini izlash, Bobur hayoti va ijodiga doir ma’lumotlarni hamda uning asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilib, keng tarqatish borasidagi ishlarimizni davom ettiraveramiz”.

Konferensiyada so‘zga chiqqan Eron Islom respublikasi, Hindiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa mamlakatlardan kelgan hamda o‘zbekistonlik boburshunos olimlar hali buyuk allomaning hayoti va ijodini tadqiq etish borasida bir qator vazifalar turganini qayd etdi.

“Moskvada 3 jilddan iborat Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar degan bibliografik ko‘rsatkich e’lon qilindi. Shoirning 6 jildlik Kulliyodi to‘liq holatda nashr etildi. Bobur ensiklopediyasining mukammallashtirilgan uchinchi nashrini o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etish arafasidamiz, – deydi filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Milliy universitetining professori Hamidulla Boltaboyev. – Quvonchimiz shundaki, butun turkiy xalqlar, butun dunyo: Amerikadan tortib, Yaponiyagacha, Rossiyadan Turkiyagacha hamma Bobur ijodini mukammal o‘rganishga qiziqqan”.

Davlat rahbarining qarorida «Boburnoma» asarini qoraqalpoq tilida ham nashr etish ko‘zda tutilgan edi.

“Prezident qaroridan so‘ng qoraqalpoq adiblari «Boburnoma» asarini tarjima qila boshladilar. Uni yaqin orada qoraqalpoq o‘quvchilariga yetkazamiz, – deydi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Kenesbay Karimov. – Chunki Boburnoma jahon tarixida noyob boylik hisoblanadi”.

Kunning ikkinchi yarmida Boburshunos olimlar, shoir va yozuvchilar Andijon viloyatining turli shahar qishloqlarida o‘tkazilayotgan ma’naviy- ma’rifiy tadbirlarda qatnashdi.

Muhammadjon Obidov