Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning ta’kidlashicha, mamlakatning janubi-sharqida yuz bergan zilziladan keyin ob-havo noqulayligi odamlarni qutqarish va infratuzilmalarni qayta tiklashni qiyinlashtirib yuborgan, jumladan, ayniqsa suv ta’minotida muammolar paydo bo‘lgan.

Avvalroq Turkiya yetakchisi mamlakatning janubi-sharqida yuz bergan zilzila qurbonlari 35 ming 418 kishiga yetganini ma’lum qilgandi. Bu galgi zilzila mamlakat tarixidagi eng halokatli tabiiy ofat bo‘ldi.

“Birinchi bosqichda ob-havo keltirgan noqulayliklar qidiruv-qutqaruv hamda yordam ko‘rsatish  ishlarini qiyinlashtirdi. Biz zudlik bilan davlat muassasalarini safarbar etdik. Transport va energiyadan tashqari, suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasida ham muammolar paydo bo‘ldi. Xalqimizda davlatimizning barcha  vazirliklari, muassasalarining zilzila markazlariga tezroq yetib borish uchun jonbozlik ko‘rsatganiga shubha bo‘lmasligi kerak”, – dedi Erdog‘an, Anqaradagi tabiiy ofatlarni bartaraf qilish boshqarmasi markazida (AFAD) so‘zga chiqib.