14-15 fevral kunlari Isroilning Tel-Aviv shahrida Xalqaro O‘rtayer dengizi sayyohlik yarmarkasi o‘tkazilmoqda.

Ko‘rgazmadan Belarus, Chernogoriya, Vengriya, Fransiya, Gretsiya, Ozarbayjon, Portugaliya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Litva, Turkiya, Slovakiya, Gruziya, Janubiy Koreya, Chexiya, Ispaniya kabi davlatlarning stendlari o‘rin olgan. Ko‘rgazma doirasida global sayyohlik innovatsion forumi tashkil etiladi.

O‘zbekiston ham 2017 yildan buyon ishtirokchi davlat sifatida o‘zining boy sayyohlik salohiyatini namoyish etib kelmoqda. Joriy ko‘rgazma uchun maxsus boy madaniy va ishbilarmonlik dasturi tayyorlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi «Milliy PR-markazi» DUKning «Uzbekistan – The Crossroad of Civilizations. Tourism Potential of Uzbekistan» mavzuida taqdimoti hamda mashhur o‘zbek oshpazi Bahriddin Chustiy va Buxoro yahudiylarining avlodidan bo‘lmish isroillik oshpaz Yisrael Aharoni tomonidan «Gastronomy of Uzbekistan» mavzusidagi qo‘shma taqdimotlari o‘tkazilmoqda.

Taqdimot yakunida taniqli oshpazlardan mahorat darslari hamda O‘zbekiston xonandalari va sozandalarining milliy, musiqiy chiqishlari tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari tomonidan yurtimizning turizm salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi vakillarining Isroil turoperatorlari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari, qo‘shma turlarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralari va joriy yilning noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish masalalari muhokama qilinadi.

 

 O‘zA