Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan Soliq kodeksiga savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari, boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlari uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan ijtimoiy soliq summasini yiliga bazaviy hisoblash miqdorining olti baravaridan bir baravari miqdorigacha kamaytirilishi nazarda tutilyapti.

Shuningdek, shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar uchun tomorqa yer uchastkasi maydoni va parvarish qilinayotgan uy hayvonlari, parrandalarning sonidan qat’i nazar ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lash imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ham tomorqa xo‘jaligida mehnat faoliyatini tartibga soluvchi tegishli o‘zgartish kiritilyapti.

Qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinib, qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA