Parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
— Hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17 ming 761 ta murojaat (2021 yilda 18 ming 738 ta) kelib tushgan, — dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova. — Ularning 14 ming 526 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el fuqarolari, xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, shuningdek, 3 ming 235 tasi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar va ularning qonuniy vakillari tomonidan yuborilgan. Fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tashkilot va mansabdor shaxslarga 134 ta ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan. Xususan, davlat organlari, tashkilotlariga hamda sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 20 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 78 ta da’vo arizalari kiritilgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 42,5 foizga oshgan.
2022 yilda 381 marotaba monitoring tashriflari o‘tkazilgan, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 2,2 barobarga oshgan. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlashga erishilgan. Shuningdek, o‘tgan yil davomida Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan jami 3 ming 235 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.
Majlisda barcha siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlari Ombudsman hisoboti bo‘yicha o‘z munosabatini hamda takliflarini bildirdi.
— O‘tgan yil davomida Ombudsman nomiga kelgan murojaatlarning eng ko‘p qismi — 31 foizi fuqarolarning ijtimoiy huquq va erkinliklariga tegishli, — dedi O‘zXDP fraksiyasi rahbari U.Inoyatov. — Bu esa mahalliy darajada hal etiladigan masalalar mavjudligini ko‘rsatadi. Shuning uchun Ombudsmanning joylardagi hududiy vakillari faoliyatini yanada kuchaytirish lozim.
Berilgan taklif-mulohazalardan so‘ng mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA