bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda «10 daqiqada 45 ming dollar pul topishingiz mumkin» yoki «biroz pul tikib, ko‘p mablag‘ topish mumkin» shiori ostida reklama va e’lonlar tarqatilayotgani inson aqlini shoshirib qo‘yadi. Oz mehnat qilib, yaxshi daromad topish kim yoqmaydi, deysiz?!

Biroq, xalqimiz bejiz «Bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur», deb aytmagan.

Garchi, takror va takror OAVlarida, ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlikdan ogoh bo‘lishga oid qator video roliklar, lavhalar, maqolalar e’lon qilinyapti, ammo, unga qaramay, firibgarlar “tuzog‘i”ga tushib qolayotgan yurtdoshlarimiz soni kundan-kunga ortib bormoqda.

“Menga Fransiyaning bosh vaziri nomiga ochilgan telegram akkauntidan xabar keldi. Unda “Sizga Fransiyaning bosh vaziri hech qanday garovsiz, foizsiz imtiyozli 250 million dollar kredit ajratdi”, deyilgan. Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun bir hisob raqamga 1000 dollar to‘lashimni aytdi. Keyin “Bu mablag‘ yetmadi”, deb “Yana 1000 dollar to‘lov qiling”, dedi. Bu pullarni to‘ladim. Shundan so‘ng Fransiya banki hisob raqamingizni tekshirishni aytyapti, sizga ishonishmayapti, yana 550 dollar to‘lashimni, hujjatlarni notariusdan tasdiqlatishim uchun esa 1000 dollar so‘radi. Xullas, jami bo‘lib, 4 700 dollar to‘ladim. So‘ng telegram akkauntlarini o‘chirib, yo‘q bo‘lib qoldi. Shundagina firibgarlar “tuzog‘i”ga tushganimni angladim…”, deydi farg‘onalik J.M.

“Yaqinda instagramdan AQSHdagi banklarning birida ishlashini aytib, bir ayol xabar yubordi, – deydi poytaxtlik Laylo Olimova. – Uning aytishicha, o‘zbekistonlik bir oila yong‘in oqibatida halok bo‘lgan. U shaxsning bankda 333 milliard dollar omonati borligini aytdi. Shu mablag‘ni “Keling, birga bo‘lishib olamiz”, deb taklif qildi. Kimga ham g‘oyibdan kelgan boylik yoqmaydi?! Bu taklifga rozi bo‘ldim. Shunda u “Bu mablag‘ni rasmiylashtirish uchun 1000 dollar to‘lab bering, deb hisob raqam yubordi. Mablag‘ni to‘ladim. Shundan keyin notariusga 1000 dollar, bankka 3000 dollar, sudga 2000 dollar so‘radi. 333 milliard dollarni olsam, bo‘lgani deb, bu pullarni berdim. Bu pullarni to‘lab bo‘lgach, firibgar “bankir” yo‘q bo‘lib qoldi. Oqibatda 7000 dollar pulimdan ayrildim. Shu o‘rinda fuqarolarga aytgan bo‘lar edim: kimdir sizga to‘satdan katta meros qoldirishni taklif qilsa, o‘chirib tashlang. Bu xabarga bir marta aloqaga chiqsangiz, sizga psixologik ta’sir ko‘rsatib o‘ziga og‘dirib oladi. O‘zingiz bilmagan holda katta pulingizni yo‘qotib qo‘yasiz”.

YANA BIR HIYLA…

Yana bir achinarli holat, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yosh qiz va ayollarga firibgarlar «biz nufuzli bir agentlikdanmiz. Sizni fotolaringizni Instagram, Facebookda ko‘rib chiqdik. Sizni serialga, kinoga, modellikka taklif qilamiz», deb xabar yo‘llamoqda. Bu kabi yolg‘on xabarlar bilan firibgarlar qanchadan-qancha opa-singillarimizning sha’ni, qadr-qimmatini to‘kib, moddiy va ma’naviy zarar yetkazmoqda.

Poytaxtlik Dildora Isroilova ham mana shunday yolg‘onlarga aldanib qolgan qizlardan biri.

“Xorijning nufuzli bir agentligidan xabar keldi, – deydi Dildora. – O‘zini agentlikning rahbari deb tanishtirgan kimsa, kinoga rol o‘ynashga taklif etdi. Buning uchun soatiga 300 dollardan 500 dollargacha mablag‘ to‘lashini aytdi. Ular mendan biroz zamonaviy ochiq sochiq tushgan fotolarni so‘rashdi. Bu fotolarni yuborganimdan keyin ular menga shantajlik qila boshladi. «Ushbu fotosuratlaringni internetga tarqatib yuboraman. Agar buni xohlamasang, 1000 dollar pulni mana shu hisob raqamiga tashla», deb talab qildi. Bir amallab bor zeb-ziynatimni sotib, pullarni to‘ladim. Keyin har oy shuncha pul talab qila boshladi. Shundan so‘ng Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildim. Ular menga yordam berdi”.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda kiberjinoyatchilikning o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, so‘nggi 3 yil davomida kiberjinoyat sifatida e’tirof etilayotgan holatlar soni 8 baravarga, ya’ni 600 tadan 5 000 tagacha ortgan.

Ta’kidlash lozimki, axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va fosh etish uchun alohida ko‘nikma talab etsa-da, mazkur turdagi jinoyatlarning 80 foizi ochilgan.

FIRIBGARLIKNING YANA BIR YO‘LI…

Internetda eng ko‘p tarqalgan yana bir firibgarlik, bu trendingdir. Ijtimoiy tarmoqlarda yiliga 200 ming foizgacha foyda olishni aytib ko‘plab e’lonlar berilmoqda.
“Biror biznesga pul tikishdan oldin inson shu biznesni mukammal o‘rganib chiqishi kerak, – deydi iqtisodchi Rustam Namozov. – Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik tadbirkor bo‘lish istagidagi yoshlar tezkor boyib ketish maqsadida internetdagi firibgarlar tuzog‘iga tushib qolyapti. Natijada birdaniga bankrot bo‘lmoqda. Biznesni boshlashda o‘zining bosqichlari bor. Birinchidan, namuna sifatida boshlagan ishini sekin-sekin amalga oshirishi kerak. Internetda bu borada ma’lumotlar juda ko‘p. Ammo unutmaslik kerakki, biznes bilan bog‘liq ma’lumotlarning 95 foizi ishonchsiz. Buni endigina oliygohni bitirib kelayotgan yoshlar ajrata olmaydi. Treyding sohasi – moliyaviy instrumentlarning yuragi hisoblanadi. Bu aksiyalar yoki valyuta birliklari bo‘lishi mumkin. Aksiya bozorida buni biz tahlil qila olishimiz kerak.

Misol uchun, ushbu kompaniyaning oylik, yillik hisobotlarini, kelajakdagi rejalarini, hozirgi holati qanaqa, kapitalizatsiya va shunga o‘xshagan jarayonlarni tekshirish zarur. bugungi kunda men treyderman, shu soha orqali sizga daromad qilib beraman, deguvchilarning aksariyati yetarlicha bilimga ega emas. Ammo ular juda yaxshi marketolog. Ya’ni insonlarning psixologiyasini biladi. Shu “rechak”lardan foydalanib, insonlarning mablag‘ini o‘ziga jalb qilmoqda.

SOXTA KOMPANIYALAR…

Shuni ham aytish o‘rinli, bugungi kunda elektron platformalardan, xususan, quyosh panellari, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari va boshqa loyihalarga investitsiya kiritish niqobi ostida moliyaviy piramidalar ortib bormoqda. Nomi anchagina tanilgan yirik kompaniyalarga investitsiyalar kiritish orqali yillik o‘rtacha 500 foizdan 2000 foizgacha daromad topishga aholini ishontirib, katta miqdorda pul mablag‘larni jalb qilib kelgan yigirmadan ortiq soxta loyihalar aniqlangan.
“bugungi kunda bunday soxta kompaniyalar turi ko‘payib ketgan. O‘zlarini qandaydir katta kompaniyaning vakili ekanligini tushuntiradi, – deydi tadbirkor Muhammadamin Rasulov. – Ushbu odamga o‘z kompaniyasining litsenziyasini, mablag‘larini yuborishadi. Qarabsizki, bizning oddiy xalqimiz bunga ishonib aldanadi. Misol uchun, biz 50 ming so‘m, hattoki, 100 ming so‘m bilan ham treyding sohasiga jalb qilinib, u orqali firibgarlarning aytganini qilishimiz va yuqori daromadga chiqishimizni aytadi. Biz o‘z-o‘zidan investitsiya qilamiz. Shunda firibgarlar pullarimizni ko‘paytirib berilganini ko‘rsatishadi. Soxta platformalar yordamida pulimiz ko‘paytirilayotgani, yaqin kunda mablag‘ni yechib olish mumkinligini, so‘ng kattaroq sarmoya kiritish kerakligini aytadi. Hamma muammo pulni yechish jarayonida boshlanadi”.

“Dastavval siz kiritgan ozroq sarmoyani, ko‘proq yutib olasiz, – deydi toshkentlik fuqaro Farhod Aliqulov. – Keyin sizga katta o‘yinlar taklif etiladi. Menga ham 2000 dollarni taklif qilgan. Bu pulni tiksam, 4000 dollar qilib olishimni aytgan. Bu pulni tikishim bilan kompyuterda nimadir buzildi. Nimadir bloklandi. Kompaniyadagilar buni ochish uchun investor kelib pul tikishi kerakligini, shundan keyin bu blok ochilishini aytdi. Bankdan tikilgan pulingiz qaytarib yuboriladi, pulni qaytarib olish uchun foizini siz to‘lashingiz kerak, dedi. O‘zi qoida bo‘yicha bank pul yuborganda, hamma xizmati uchun o‘sha puldan foiz ushlaydi. Lekin negadir ular olmaydi. Siz yuborishingiz kerak. Bizga yuborgan puldan olib qolsa, bo‘ladi-ku desak, yo‘q, u pulga tegish kerak emas, deydi. Firibgarlarning psixologik ta’sirida bo‘lib, ular aytgan pullarni yuboraverasiz.

Oxiri ular xohlagan pulni yig‘ib olganidan keyin birdaniga telefon, telegramdagi barcha ma’lumotlar o‘chadi. Siz ularga mutlaq kerak bo‘lmaysiz. O‘shanda aldanganingizni tushunasiz. Mening fikrimcha, oson va tez pul ishlab olish odamni qamrab oladi, aldanayotganini ham bilmaydi. Oson pul topaman deb, katta muammolarga tushib qolmang”.

MA’LUMOT O‘RNIDA…

Aytish joiz, investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan mahalliy investorlar xorijiy investorlar aldanib qolishlarining oldini olish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligining veb-saytida litsenziya olgan O‘zbekiston Respublikasida qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha operatsiyani amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan bir qator investorlar bor. U yerda brokerlar, investor vositachilarining telefon raqamlari, yuridik manzillari keltirib o‘tilgan. Ular biznes boshlamoqchi bo‘lganlar uchun zarur maslahat beradi.
Internet tarmoqlarida ko‘pincha bankdan onlayn kredit olish, turli yutuqli aksiyalarda ishtirok etishga chaqiruvchi e’lonlar beriladi yoki sizga biror xorijlik badavlat insondan meros qolgani aytiladi. Havola orqali o‘tganingizda esa sizdan plastik kartangizning amal qilish muddati, ustidagi 16 xonali raqam hamda telefoningizga yuborilgan kodni kiritish so‘raladi. Bularni bajarsangiz, kartangizdagi barcha pullar yechib olinadi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, bugungi kunda soxta havolalar yaratilmoqda. Ya’ni mashhur brendlar yoki banklar, to‘lov tashkilotlarining logotiplari bilan bank mijozlariga xabarnomalar tarqatilmoqda. Qandaydir lotereya o‘yinlari yoki aksiyalarida ishtirok etdingiz, siz g‘olib bo‘ldingiz, sovrinlarni olishingiz uchun o‘zingizga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni kiriting va pullar esa bank kartangizga yoki elektron hamyonlaringizga tushadi, degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Bu xabarlarga fuqarolarimiz tomonidan bilib-bilmay aldangan holatlar ko‘p uchraydi. Har qanday himoya tizimida inson omili eng zaif bo‘g‘in hisoblanadi. Shunday ekan, hech qachon o‘zingizga tegishli bo‘lgan bank karta raqami va SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini notanish odamga bermang. Banklar yoki to‘lov tashkilotlari xodimlari hech qachon sizdan bunday ma’lumotlarni so‘ramaydi. Chunki bunday ma’lumotlar o‘zining tizimida bor.
IT firibgarlarining yana bir ko‘rinishi internetdagi biror saytni olib, shuning klonini yasaydi. Masalan, internet do‘konini yasaganda, uning bitta harfini o‘zgartirib qo‘yadi. Siz unga e’tibor bermaysiz. Natijada to‘lov qilib, parolingizni kiritasiz va sizni barcha Telegram ma’lumotlaringiz, kontaktlaringizni ko‘radi. Birinchidan jozibador narxlarda mahsulotlar qo‘yiladi. Uni naqd pulda to‘lamoqchi bo‘lsangiz, kurer mahsulotni olib keladi. Mahsulotni pulni to‘lamasdan oldin ocholmaysiz. Natijada uyga kelib qutini ochsangiz, ichida g‘isht bo‘ladi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, soxta platformalarning IP manzillari chet el serverlarida joylashganligi, ularning aniqlash imkoniyatini chegaralab qo‘ymoqda. Natijada soxta platformalarda investorlar ishtirok etgan shaxslar jabrlanib kiritilgan mablag‘larni ortga qaytarish imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

bugungi kunda internetda avj olgan firibgarliklardan yana biri erkin savdo maydonchalarida joylashtirilgan e’lonlardir. Huquqni saqlash organlariga murojaat qilgan Nikolay Tarasovning aytishicha, u Olx.uz sayti orqali “Chevrolet Epica” avtomobilini sotib olmoqchi bo‘lgan. E’lon muallifi unga ushbu avtomobil Ukrainada ekanini, agar Tarasov puli borligini tasdiqlasa, uni O‘zbekistongacha haydab borishga tayyorligini aytgan. Nikolay sotuvchi nomiga 4000 AQSH dollar o‘tkazgan. Shundan so‘ng sotuvchi aloqaga chiqmay qo‘ygan.
Xuddi shunday voqea Said Zoirov ismli fuqaro bilan ham sodir bo‘lgan. Unga “Chevrolet Lacetti” avtomobilini haydab kelishni va’da berishgan.
Xulosa qilib aytganda, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun birinchi navbatda o‘zimiz ogoh bo‘lishimiz, huquqiy va moliyaviy bilimimizni oshirishimiz kerak.

Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA