Jurnalistikaning noni qattiq deyishadi. Bunga hech shubha yo‘q. Hamkasblarimiz xalqimizga xolis va aniq axborotni yetkazish uchun tunu-kun mehnatda. Ular hayotimizda ro‘y berayotgan barcha jihatlarni qamrab oladilar. Shu boisdan bo‘lsa kerak jurnalistlarni “jamiyat sanitarlari” ham deyishadi. Bu ham to‘g‘ri! Ularning bunday fidoyiligi bilan faxrlanamiz.

Agar televideniye va radio haqida gapiradigan bo‘lsak, jurnalistik mas’uliyat yanada ortadi. Bunda nafaqat so‘z, balki tasvir, rejissura, ovoz, hatto tashqi ko‘rinish ham muhim ahamiyatga ega. Quvonarlisi shuki, bugun ularning mehnatlari e’tirof etilib, tarixda qolmoqda, qadr topmoqda.

Xabaringiz bor 2022 yilda O‘zMTRK tomonidan “Televideniye mening taqdirimda” nomli esse, maqolalar to‘plami, “Radio va televideniye” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi hamda “O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi zamon bilan hamnafas” kitob-albomi chop qilinib, jamoatchilikka taqdim qilingan edi.

Bugun esa poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida yaqinda nashrdan chiqqan “O‘zbekiston teleradiosi” nomli kitob-ensiklopediyasi taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda O‘zMTRK rahbariyati va faxriylari, olimlar, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

-Bu kitobni O‘zMTRKning qomusi, ijodiy guldastasi deyishimiz mumkin, -deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Xolmurod Salimov. – Mazkur to‘plamda radio va televideniye sohasida samarali mehnat qilgan mingga yaqin jurnalistlarning alohida e’tirof etilishi kishini quvontiradi. Ayniqsa ular orasida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” kabi yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan ustozlar, “Oltin qalam” milliy mukofoti, “Yilning eng faol jurnalisti”ga loyiq topilgan yuzlab qalami o‘tkir jurnalistlarning borligi barchada qiziqish uyg‘otadi.

Darhaqiqat, nomlari kitob-ensiklopediyaga kiritilgan hamkasblarimiz bilan qancha faxrlansak arziydi. Ular hamisha aql-zakovati, salohiyati, jurnalistik mahorati bilan barchaga o‘rnak namunasi bo‘lib kelmoqda.

O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA