AQSH harbiylari tomonidan Kanada osmonida urib tushirilgan uchar apparat unchalik katta bo‘lmagan metalldan yasalgan shar ko‘rinishida bo‘lgan, uning tagida qandaydir yuk mahkamlab qo‘yilibdi, deb xabar tarqatdi CNN telekanali Pentagonning kongressga yo‘llagan materiallariga tayanib.

AQSH hukumati o‘tgan haftada Alyaska, Kanada va Guron ko‘li ustida urib tushirilgan ushbu uchta noma’lum uchar ob’ektning nimaligi, maqsadi va kimga tegishli ekaniga hozircha aniqlik kirita olmayapti.

“Shanba kuni Kanada havo kengliklarida urib tushirilgan noma’lum uchar jism unchalik katta bo‘lmagan metall shar ko‘rinishida bo‘lgan, ostiga yuk mahkamlangan”, – deyiladi Pentagon materialida. Harbiylarning ta’kidlashicha, yakshanba kuni oxirgi ob’ekt raketa bilan urib tushirilgandan keyin Guron ko‘li suviga “ohista tushgan”.

Fox News telekanali muxbiri Lukas Tomlinsonning ijtimoiy tarmoqda yozishicha, F-16 qiruvchi samolyoti ko‘l ustidagi nishonni ikkinchi urinishda urib tushira olgan. “Havo-havo” sinfidagi ikkita Sidewinder raketasi zarur bo‘lgan. Sidewinderning har biri 400 ming dollardan qimmat turadi”, – deb yozadi jurnalist.