Turkiya Prezidenti yordamchisi Fuat Oktay bergan maʼlumotga koʻra, zilzilada halok boʻlganlar soni 31 ming 643 kishiga yetdi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Qahramonmarashda hodisadan 185 soat oʻtgach, 10 yoshli Abror vayrona orasidan olib chiqildi. Uning ahvoli oʻrtacha baholanmoqda. Xatayda ham 183 soatda sartarosh Husayn, 177 soatda 26 yoshli ayol, Adiyamanda 178 soatda 6 yoshli bola sogʻ-omon qutqarildi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Mustafao Shentop Gaziantepda boʻlib, ofat oqibati va qidiruv-qutqaruv ishlari bilan tanishdi. Malatiya prokuraturasi qulagan uylar boʻyicha tergov jarayoni doirasida 31 kishi qoʻlga olinganini aytdi.

Istanbulda butunlay qulab tushgan Gaziantepdagi 12 qavatli turar-joyni qurgan bunyodkorlik kompaniyasining rahbari Nazmi Tosun hibsga olindi. Mersinda va Adiyamanda oltita uy koʻtargan qurilish shirkati boshligʻi Shukri Ishitmen qochib ketayotgan paytda tutilgan.

Janubiy Kaliforniya universitetining zilzilalar fizik holati boʻyicha tadqiqotchisi, dotsent Silven Barbo qisqa muddatda bir mintaqada ikki kuchli zilzila sodir boʻlishiga “ajoyib” va “kamdan kam uchraydigan” hodisa, deya taʼrif berdi.

AQSH Geologiya xizmati zilziladan zarar oqibatlari boʻyicha tadqiqotchisi Devid Shellining fikricha, Turkiya seysmik faol hudud.

“Anadolu” agentligi uning quyidagi soʻzlarini keltirgan: Mamlakat uchta tektonik plitada joylashgan. Bu yerda koʻplab faol yoriqlar mavjud. Juda kuchli boʻlgan soʻnggi zilzilalar tabiatda kam uchraydigan hodisalar.

OʻzA