Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining maxsus qarori bilan aholining muhtoj qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kommunal xizmatidan to‘lov qobiliyati past bo‘lgan, 598 ta yordamga muhtoj oilaning tabiiy gazdan to‘lovi uchun 832,9 million so‘m va 143 ta oilaning elektr energiyasi to‘lovi uchun 70,5 million so‘m qarzdorligi to‘lab berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2022 yil 15 dekabr kuni tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, joriy yilning 16 yanvar kuni aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida belgilab berilgan vazifalarni bajarish doirasida Nukus shahri va tumanlarida ob-havoning keskin sovib ketishi oqibatlarini yumshatish, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tabiiy gaz va elektr energiyasidan qarzdorligini to‘lab berish belgilangan edi. Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar mahallalar kesimida o‘rganib chiqilib, yechim qabul qilindi.
bugungi kunda Orolbo‘yi hududida aholining kundalik hayotida uchrayotgan muammolarga yechim topish, ularning yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Matmuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani mahalla va ovullarida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash, hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash, shu asosda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qaror ijrosi doirasida “Anhorli” mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi qurilishi boshlab yuborilgan bo‘lib, senator va tuman kengashi deputatlari ushbu bino qurilishida bo‘ldi. “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yo‘llarga qum-shag‘al aralashmasini to‘shash, obodonlashtirish, uy fasadlarini ohaklash va gaz trubalarini bo‘yash ishlari bilan tanishdi.
Shuningdek, tumandagi “Yangiobod” va “Turkiston” mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olinib, ularga “Mahalla” xayriya jamoat fondi qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Bir asrning ikki javohiri” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda buyuk mutafakkir, she’riyat mulkining sultoni Navoiy ijodi hamda buyuk shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, ijodi haqida ma’ruza qilindi.
Kechaning badiiy qismida talaba yoshlar ishtirokida tayyorlangan konsert dasturi namoyish qilindi. Jumladan, hazrat Alisher Navoiy va Guli monologi, taniqli yozuvchi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani asosida sahna ko‘rinishlari, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning nafis ruboiylari talabalar tomonidan mohirona ijro etildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri