Ta’lim, tarbiyaga yo‘naltirilgan investitsiya – kelajakka kiritilgan sarmoya, xalq farovonligi, davlat taraqqiyotini ta’minlovchi omil. Shu sababli butun dunyoda uzluksiz ta’lim tizimini muntazam takomillashtirish, sifatli ta’lim-tarbiya berilishini ta’minlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, mamlakatimizda ham ayni yo‘nalishdagi ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Dunyoning rivojlangan davlatlari ta’limga investitsiya jalb qilish, ya’ni o‘z ta’lim dargohlarida xorijlik talabalarni o‘qitish orqali milliy iqtisodiyotga milliardlab mablag‘ kiritadi. Quvonarlisi, yurtimiz ham minglab chet el fuqarolari ta’lim olishni istaydigan maskanga aylanib bormoqda.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021/22 o‘quv yili boshida respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni 5 100 ming nafarni tashkil etgan. Endi o‘tgan yillardagi ayni raqamlarga nazar tashlaylik. 2016/2017 – 603, 2017/2018 –1320, 2018/2019 – 2685, 2019/2020 – 3593, 2020/2021 – 4219.
Toshkent tibbiyot akademiyasi 4-bosqichida tahsil olayotgan hindistonlik Abdul Bosit almashinuv dasturi asosida Ukrainada ta’lim olar edi. Ushbu mamlakatdagi notinchlik sabab, u o‘qishini O‘zbekistonda davom ettiryapti.
– Yurtingizni tanlaganimga sabab shuki, O‘zbekiston va Ukraina ta’lim tizimi bir-biriga o‘xshash, – deydi Abdul Bosit. – Qolaversa, bu yerda malakali, tajribali o‘qituvchilar ham ko‘p. Men avval O‘zbekistonda bo‘lmaganman, ammo o‘qishimni ko‘chirishdan oldin internet orqali turli ma’lumotlar bilan tanishdim va shu zaminni tanladim. Qolaversa, bu o‘lka tibbiyotning ustuni, asoschisi – Ibn Sinoning vatani. Meni quvontirgan yana bir jihat bag‘ri keng o‘zbek xalqining mehmondo‘stligidir. Xushmuomala o‘zbek yoshlari barchaga doimo do‘stona, mehribon munosabatda bo‘lishadi.
Xorijlik talaba yurtimiz va Hindiston ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari haqidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindistonda tibbiyot sohasiga 5 yil o‘qitiladi. To‘rt yil nazariy va bir yil amaliy ta’lim. O‘zbekistonda esa ayni muddat 6 yilni tashkil etadi. Hindistonda nazariya ko‘proq o‘rgatiladi. Menga esa yurtingizda asosiy e’tibor amaliyotga qaratilishi yoqdi. Bu yerda talabalarga, hatto, birinchi kursdan klinikalarda amaliyot o‘tash imkoni beriladi. Tibbiyot sohasida amaliyot juda muhim.
Toshkent tibbiyot akademiyasida xorijlik, xususan, hindistonlik talabalar kam emas. Ulardan yana biri Antoniy Jaymon Raju.
– O‘zbekiston tibbiy ta’limida amaliyotga katta ahamiyat berilishi diqqatga sazovor, – deydi Antoniy Jaymon Raju. – Menga go‘zal va betakror Toshkent juda ma’qul tushdi. Eng muhimi, o‘zbeklar olijanob xalq. Bu yurtda hech kim insonni millati, irqi yoki boshqa mansubligiga ko‘ra ajratmaydi. Ayniqsa, milliy taomlar, madaniyat meni hayratga soldi. Rostini aytsam, bu yerning iqlimi biznikidan farqli bo‘lgani va tilni yaxshi bilmaganim uchun biroz qiynaldim. Shu sababli o‘zbek tilini o‘rganmoqchiman. Mahalliy do‘stlarim menga bu borada yordam bermoqchi.
Chin e’tirofim, o‘qish uchun O‘zbekistonni tanlab xato qilmagan ekanman. Zero, bu mamlakatda ta’lim, ayniqsa, tibbiyot yo‘nalishida o‘qitish tizimi yaxshi rivojlangan.
Munisa Ne’matova yozib oldi.
O‘zA