BMTning ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) dunyo hamjamiyatini maktab o‘quvchilarini oziq-ovqat bilan ta’minlashga e’tiborni kuchaytirishga, maktab o‘quvchilarining salomatligi haqida ko‘proq qayg‘urishga chaqirdi. Tashkilotning ta’kidlashicha, dunyodagi mavjud barcha ta’lim maskanlarining uchdan birida toza suv ta’minoti hal qilinmagan. Tashkilotning mazkur masalaga bag‘ishlangan «Ta’lim olish va rivojlanishga tayyorlanish: dunyodagi barcha maktablarda sog‘lom ovqatlanish», deb nomlangan ma’ruzasida shu haqda gap boradi.
«Dunyo bo‘yicha jami 584 milliondan ziyod bolaning maktablarda toza suv bilan ta’minlanishi cheklangan yoki umuman ta’minlanmagan. Ularning har besh nafaridan ikki nafari Afrika mamlakatlarida yashaydi. Garchi, dunyoning qariyb barcha maktabi o‘quvchilarning ovqatlanishini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsada, taxminan 73 millioni hali ham ushbu dasturdan foydalanmaydi», – deyiladi YUNESKO ma’ruzasida.
Xalqaro tashkilotning ta’kidlashicha, o‘quvchilarni ovqatlantirish va ularning sog‘lig‘ini nazorat qilib borish, bolalarning ta’lim maskanlariga tez-tez borishi va u yerda ko‘proq qolishiga rag‘bat uyg‘otadi. Faqat ovqatlantirishning o‘zi bolalarning maktablarga kelish ko‘rsatkichini 8 foizga ko‘tarar ekan.
«O‘quvchilar xavfsiz va sog‘lom maktablarda yaxshi o‘qishadi. Shunga qaramay ko‘pchilik maktablarda o‘quvchilarni toza suv va sanitar xizmatlari bilan ta’minlashga mablag‘i yetishmaydi. YUNESKO va uning hamkorlari xalqaro hamjamiyatni o‘quvchilarni oziq-ovqat va toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda ularni ijtimoiy himoyalash uchun mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Chunki, bolalar o‘zining salohiyatini to‘laligicha ochish mumkin bo‘lgan sharoitning yaratilishiga munosibdir», – deydi YUNESKO bosh direktori Odre Azule.