Jahon matbuoti sahifalarida
O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tashabbusi bilan Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi ushbu davlatda ham keng nishonlanmoqda.
Xususan, Janubiy Koreyadagi hamyurtlarimiz va o‘zbek tilini o‘rganayotgan koreys talabalar mazkur sanaga bog‘ishlab tabrik so‘zlarini izhor etishdi.
Odiljon KARIMOV, Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar assotsiatsiyasi raisi:
– Buyuk bobomiz boy ma’naviy merosi, tengsiz asarlari bilan nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki butun insoniyat madaniyati, adabiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning o‘tkir qalami, ulkan tarbiyaviy ahamiyatga ega, beqiyos mahorat bilan yozilgan asarlari asrlar osha ahamiyatini yo‘qotmay, aksincha bashariyat xazinasiga aylangan.
Son MIN U, Xankuk xorijiy tillar universiteti talabasi:
– Buyuk shoir, davlat arbobi Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi o‘zbek adabiyoti va jahon sivilizatsiyasi rivojida muhim o‘rin tutadi. Uning yaxshilik, insoniylik, oliyjanoblik kabi tushunchalar madh etilgan go‘zal she’rlari, g‘azallari insoniyatni hayratga solishda davom etmoqda.
Madaniyat, san’at, adabiyot sahnida o‘ziga xos daho sifatida e’tirof etiladigan Navoiy jahon adabiyoti tarixidagi benazir siymodir.
Li SUL MI, Xankuk xorijiy tillar universiteti talabasi:
– Asarlari yuzlab tillarga tarjima qilingan Alisher Navoiy haqli ravishda jahon madaniyati klassiklari qatoridan munosib o‘rin egallagan. Dunyo ahli uning asarlarida tarannum etilgan ezgu g‘oyalardan bahramand bo‘lmoqda. Janubiy Koreyada ham buyuk shoirning ilmiy merosini, asarlarini o‘rganishga qiziqish juda yuqori. Negaki, bu meros XV asrdan buyon jahon adabiyoti rivojiga xizmat qilib kelyapti. Ta’kidlash joiz, buyuk o‘zbek adirbiga hurmat belgisi sifatida 2021 yil dekabr oyida Seulda shoir haykali o‘rnatildi.
I.Abdumalikzoda tayyorladi.
O‘zA