Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
— Ombudsmanga konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani tufayli tizimning inson huquqlarini himoya qilish imkoniyati ortmoqda, — dedi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova. — Hisobot davrida Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar tomonidan 17 ming 761 ta murojaat kelib tushgan. Ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan joylarda o‘rganishlar, turli uchrashuvlar tashkil etildi. Jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflari amalga oshirildi. Mahkumlar bilan bevosita suhbatlar olib borilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Yig‘ilishda deputatlar Ombudsman tomonidan fuqarolarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdi. Ta’kidlanganidek, Ombudsmanga bu yo‘nalishda 124 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularda toza atrof-muhitga bo‘lgan huquq, qurilish ishlarida shaharsozlik qoidalariga rioya qilmaslik, daraxtlarning kesilishi, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonida fuqarolarning toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini tiklash hamda inson hayoti va faoliyatining ekologiyaga salbiy ta’sirining oldini olish yuzasidan choralar ko‘rilgan.
Parlament quyi palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sog‘liqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
— Mazkur qonun loyihasi yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning natijalari, sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalarining faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligini oshirish, shuningdek, ushbu organlar va muassasalar faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan, — deydi deputat Qizilgul Qosimova. — Loyiha bilan «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga muvofiq, mahalliy Kengashlar tomonidan yarim yillik yakunlari bo‘yicha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining sog‘liqni saqlashni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarining ijro etilishi, kasalliklarning profilaktikasi holati, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni shakllantirish hamda sog‘liqni saqlashning asosiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida hisobotini eshitish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonunga fuqarolar yig‘ini tomonidan aholi biriktirilgan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining, oilaviy poliklinikalarning va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining sog‘liqni saqlash holati, fuqarolar sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya-epidemiologiya jihatidan xotirjamligi to‘g‘risida hisobotlarni eshitishni nazarga tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA