ATR e’lon qilgan yangilangan haftalik reytingga ko‘ra, mamlakatimizning birinchi raketkasi Sergey Fomin o‘tgan haftadagi o‘rnidan 4 pog‘ona pastladi. Ikkinchi raqamli tennischimiz Humoyun Sultonov bitta pog‘onaga ko‘tarildi. Mahoratli tennischilarimizdan Denis Istomin bitta, Maksim Shin ikkita, Sanjar Fayziyev uchta o‘rin yuqorilashga erishdi, deyiladi O‘zbekiston tennis federatsiyasi xabarida.

Yangilangan reytingning top-10 ligida Dallasdagi turnir yarim finalchisi Teylor Frits jahon tasnifida 7-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Kanadalik Feliks Oje esa 1 pog‘ona pastlab, 8-o‘ringa joylashdi.

Peshqadamlik esa hamon serbiyalik Novak Jokovichga tegishli bo‘lib turibdi. Ispaniyalik Karlos Alkaraz ikkinchi, gretsiyalik Stefanos Sitsipas uchinchi o‘rinda bormoqda.

Bundan tashqari, ATR reytingida yosh tennischilarimizdan Mustafo Do‘stov, Aziz Dadaboyev, Rahimbek Ibrohimov qayd etilgan bo‘lib, ular 1511 va 1643 qatorlardan joy olgan.

O‘zA