2023 yil Jahon radio kuni sanasi “Radio va tinchlik” mavzusiga bag‘ishlandi. Global miqyosda radio juda keng auditoriyani qamrab olish, jamiyatning turli-tumanligini aks ettirish, tinglovchiga har qanday ovozni eshittirish kabi noyob xususiyati tufayli eng ishonchli va keng qo‘llanadigan ommaviy axborot vositasi bo‘lib qolmoqda.

Bu gal YUNESKO ayni sana munosabati bilan mustaqil radio nizolarning oldini olish va tinchlik qurish tayanchi ekaniga e’tibor qaratdi.

Tashkilot bayonotida yozilishicha, bu borada efir orqali uzatilayotgan shoshilinch reportaj emas, balki radioda ishlayotgan mutaxassislarning fuqarolar oldidagi mas’uliyati, faktlarni tekshirish, aniqlikka erishish, axborot muvozanatini ushlash, shuningdek translyatsiya qilinayotgan yangilik yoki dastur ortida turgan jurnalistning xizmat tekshiruvi muhim va jamiyatga yaqmin ko‘makchi.

Jahon radio kuni 2011 yil YUNESKOga a’zo davlatlar tomonidan e’lon qilingan, 2013 yil 14 yanvarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlangan. YUNESKO Ijroiya kengashi Ispaniya taklifiga binoan, tashkilot tomonidan o‘tkazilgan maqsadga muvofiqlik tekshiruviga asosan, Bosh konferensiyaning 36-sessiyasida mazkur sanani e’lon qilish tavsiya qilindi.

1946 yil BMTning markaziy muassasida joylashgan “Birlashgan Millatlar Tashkiloti radiosi” birinchi efirga chiqqan kun, ya’ni 13 fevral – Jahon radio kuni sifatida belgilanishi taklifi tuzilma Bosh direktori tomonidan kiritilgan.

Ushbu xalqaro bayramning asosiy maqsadi jamoatchilikda radioning axborot vositalari orasidagi muhim ahamiyati bo‘yicha xabardorlikni oshirish, qaror qabul qiluvchi shaxslarni radio orqali axborot taqdim etishga undash, radiolarning tarmoq va xalqaro miqyosdagi hamkorligini mustahkamlashdan iborat.

G. Abdullayeva tayyorladi. O‘zA