2022 yilda Tojikiston shaharlari va tumanlarida 112 ta yangi sport inshootlari qurilib, ishga tushirilgan. Bu haqda kuni kecha Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi yoshlar ishi va sport qo‘mitasi raisi Abdullo Rahmonzoda jurnalistlar uchun uyushtirilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Hovar” agentligi.

Qo‘mita raisining ta’kidlashicha, «xususan 75 ta maydon, 25 ta zal, 3 ta cho‘milish havzasi va 9 ta sport majmuasi qurilib faoliyat uchun topshirilgan. Mazkur ob’ektlarning umumiy qiymati 210 million 547 ming 374 somoni bo‘lib, uning 25 million 620 ming 884 somonisi byudjet hisobidan va 184 million 926 ming 490 somonisi tadbirkorlar va homiylar tomonidan ajratilgan».

Xabarda ta’kidlanishicha, hozirda mamlakatning sport sohasida jami ob’ektlari soni 10 ming 768 taga yetkazilgan.