O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi  tashabbusi bilan Nukus shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.

2022 yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi rejalar muhokama qilindi. Jumladan, o‘tgan 2022 yilda 3122 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, ular asosan  xizmat ko‘rsatish va servis, xorijiy tillar va raqamli  texnologiyalar, texnik  kabi turli xil sohalar bo‘yicha o‘qitilgan. Bundan tashqari, markazda  imkoniyati cheklangan fuqarolar, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar” ro‘yxatida turgan fuqarolar ham o‘zlari sevgan kasb turlari bo‘yicha o‘qitilganligi ta’kidlab o‘tildi.

E’tiborli jihati, nogironligi bo‘lgan shaxslarning shu yerning o‘zida surdotarjimon tomonidan o‘qitilayotganligi, ularning imkoniyati cheklanganligi, nogironligiga qaramasdan qiziqish bilan daromad topishga intilayotgani barchada yaxshi taassurot qoldirdi.

Birgina misol, manikyur bilan shug‘ullanish maqsadida kelgan qizlar bir nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatsa, kamida 200 ming so‘m, bir kunda esa 800 ming so‘m daromad topayotgan bo‘lsa, yigitlar konditsioner, zamonaviy qozonxona, isitish uskunalarini ta’mirlash sir-asrorlarining 30 foizini nazariyada o‘rgansa, 70 foizini amaliyotda o‘zlashtirmoqda.

Bundan tashqari, markaz qoshida issiqxona ham faoliyat ko‘rsatmoqda.   Unda bir vaqtning o‘zida  qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan birga   kaliforniya qurti ham parvarish qilinib,  biogumus ishlab chiqarilmoqda. Bu qurtdan  bor-yo‘g‘i 700 ming so‘m sarflab, 3 oydan so‘ng eng kam deganda  7-7,5 million so‘m daromad topish mumkinligi ta’kidlandi.

Ishtirokchilar markazda tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, o‘zlariga katta taassurot olib, markaz faoliyatida kasb turlarini ko‘paytirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini ham bildirishdi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri