Ma’lumki, 2017 yildan buyon mamlakatimizda aholining hayot darajasini yanada yuksaltirish va boshqa qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan har yilgi Davlat dasturi xalqimiz bilan maslahatlashgan holda muhokamadan o‘tkazilib, so‘ngra qabul qilinishi an’anaga aylandi.

Xususan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi ham ayni kunda “Taraqqiyot strategisi” markazi tomonidan 2023.strategy.uz hamda davlatdasturi.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda.

Shu o‘rnida aytib o‘tish joizki, Harakatlar strategiyasi doirasida xalq bilan muloqot qilish samarali yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolarimiz o‘zlarini qiziqtirgan, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim deb bilgan har bir masalani ko‘tarib chiqib, mas’ullar e’tiborini ushbu muammolar yechimiga qaratmoqda.

Bu yilgi Davlat dasturi loyihasi ham keng jamoatchilik, xalqimiz va soha mutaxassislari fikrlaridan hamda davlatimiz rahbarining 2022 yil dekabr oyida Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslardan kelib chiqqan holda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining 7 ta ustuvor yo‘nalishi doirasida 309 ta banddan iborat.

Jumladan, Davlat dasturi loyihasida inson qadrini ulug‘lash tamoyili asosida nogironlik nafaqasini belgilashda fuqarolarga qo‘shimcha yengilliklar yaratilmoqda. Xususan, 2023 yil 1 martdan boshlab nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolar kasalligining og‘irligi va uning asoratlaridan kelib chiqib ularning ishtirokisiz belgilanishi yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada, yiliga 27 ming nafar fuqaro, ya’ni bunday tibbiy ko‘rikka muhtoj bo‘lganlarning 25 foizi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga bormaydi va ularga nogironlik sirtdan belgilanadi. Nogironlikni belgilashda davolash muassasalaridan kasallik tarixi ko‘chirmalari elektron qabul qilinadi hamda ushbu ma’lumotlar asosida nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.

Albatta, bu ham minglab nogironligi bo‘lgan fuqarolarga va ularning qarovchilari uchun juda katta yengillik yaratib beradi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 2023 yilda 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmi 2 barobarga oshirilib, 90 mingtaga yetkaziladi. 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlashning joriy etilgan yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, yo‘lga qo‘yiladi.

Eng muhimi, Davlat dasturi loyihasida aholining tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, bunda muqobil energiya manbalaridan foydalanish tizimini joriy qilish uchun sharoit yaratish maqsadida quvvati 20 kVt va undan past bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past (0,23-0,4 kV) kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmasligi belgilanmoqda. Ushbu tartib ishga tushgandan so‘ng qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga qulaylik yaratiladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab yillik hajmi ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilg‘i yoki bir ming tonnadan ortiq motor yoqilg‘isiga teng energiya resurslarini sarflaydigan tashkilotlar uchun o‘z energiya iste’molini kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobiga ta’minlash majburiyati yuklatilmoqda.

Buning natijasida, 2023-2026 yillar davomida iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini iste’mol qilayotgan 25 ta yirik korxona va tashkilotning umumiy iste’mol hajmi 4 milliard kVt.soatni tashkil etishi inobatga olingan holda, ushbu tashkilotlar o‘z iste’molini kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan ta’minlashi orqali kamida 1,2 milliard kVt.soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.

Bu esa, o‘z-o‘zidan yirik korxonalarning markaziy elektr tarmoqlariga bo‘lgan bosimini kamaytirib, tejab qolingan elektr energiyasini minglab xonadonlarga yetkazib berish yoki aholi farovonligiga xizmat qiladigan yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Umuman olganda, Davlat dasturi loyihasida belgilanayotgan maqsad va chora-tadbirlarning har biri o‘z vaqtida va samarali hayotga tatbiq etilishiga barchamiz birdek mas’ulmiz. Shu boisdan, xalq vakili sifatida barcha yurtdoshlarimizni Davlat dasturi loyihasi muhokamalarida faol ishtirok etib, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan taklif va tashabbuslari bilan faol qatnashishga chaqirib qolaman.

Muzafara ABDIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA