Nukusda respublikada kurash turlarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi, erkin, milliy va dzyudo kurashlari bo‘yicha sport ustasi Jaqsimurat Mambetov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan milliy kurash bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamkorligida tashkil etilgan musobaqada shahar va tumanlardan, oliy o‘quv yurtlaridan polvonlar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida faxriy polvon, taniqli murabbiy va tajribali ustozning Orolbo‘yida sportni, shu jumladan kurash turlarini rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi, sportchilarni va sohaga yetuk mutaxassislarni tayyorlashdagi alohida xizmatlari e’tirof etildi.

Jaqsimurat Mambetov yoshligidan erkin kurash bilan muntazam shug‘ullanib, Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston va sobiq ittifoq miqyosidagi ko‘plab musobaqalarda ishtirok etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek,  1967-1984 yillarda erkin kurash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida mamlakatimizda yetakchi o‘rinlarni egallab kelgan.

Musobaqa yakunida 73 kilogramm vazn toifasida qorao‘zaklik  Altinbay Tileo‘niyazov birinchi, Qo‘ng‘irot tumanidan Menglibek Yuldashev ikkinchi, yana bir qo‘ng‘irotlik Mag‘jon Nurishov va qonliko‘llik Babur Abatbayevlar uchinchi o‘rinlarni egalladi. Mutlaq vazn toifasida Nukus tumanidan Zahiriddin Zaytov birinchi, Qo‘ng‘irot tumanidan Azat Orinbayev ikkinchi, qo‘ng‘irotlik Ergash Aytbayev hamda Chimboy tumanidan Sipatdin Nuratdinovlar uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan  maxsus diplom, medal hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.


Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA