Qoraqalpoqiston Respublikasi Kegeyli tumanida sho‘r yuvishga yer tayyorlash, lazerli tekislashning ahamiyati va suv xo‘jaligidagi muhim tadbirlar yuzasidan ko‘rgazmali amaliy-seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi,  Meliorativ ekspeditsiya mutasaddilari ta’kidlanganidek, sho‘r yuvish tadbirini belgilangan talablar asosida amalga oshirish o‘z-o‘zidan hududda yerlarning meliorativ holati yaxshilanishiga xizmat qiladi. Sohaga joriy etilgan yangi texnologiyalar asosida bugungi kunda meliorativ kuzatuv quduqlariga sizot suvlari sathi va minerallashganlik darajasini onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi (DIVER) qurilmalari o‘rnatilgan. Shulardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yildan-yilga yerlarning  meliorativ holati yaxshilanib, yer osti sizot suvlari muammoli bo‘lgan hududlarda ham ular 2 metrdan pastga tushmoqda.

Seminarda sho‘r yuvishga yer tayyorlash, pol olish va suv ochish tartiblari,  kuchli sho‘rlangan maydonlarda qo‘llanilishi tavsiya etilayotgan “Biosolvent”  preparati va undan foydalanish texnologiyasi ishtirokchilarga ko‘rgazmali turda namoyish etildi. Shuningdek, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan mavzuga oid bukletlar hamda “Suvdan ratsional foydalanishda sho‘r yuvishning samaradorligini oshirish bo‘yicha” tavsiyanoma qo‘llanmasi suvchi va fermerlarga tarqatildi.

Tadbir ishtirokchilari sho‘r yuvish uchun suv ochilgan dalalarda bo‘lib,  ichki sug‘orish tarmoqlarida sho‘r yuvish davrida suv taqsimlanishi bilan tanishdi. Suv  xo‘jaligi mas’ullari va olimlar mazkur dalalarni sho‘r yuvishga tayyorlashda yo‘l qo‘yiladigan kamchiliklarni bartaraf etish,  bugungi kunning muhim tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha suvchilar va fermer xo‘jaligi vakillariga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA