Global Reporting Initiative (GRI) va Barqaror rivojlanish hisob standartlari Kengashi (SASB) standartlari tizimi asosida barqaror rivojlanish sohasidagi hisobotlarni tayyorlash zamonaviy kompaniyalarni ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv vazifalarini hal qilishga jalb qilish va ularning mahalliy, mintaqaviy va global darajada barqaror rivojlanishga qo‘shgan hissasini aks ettirishga qaratilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Barqaror rivojlanishi to‘g‘risidagi hisobotni ishlab chiqishda asosiy e’tibor quyidagi uchta tamoyilga qaratildi. Bular  atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashish, ijtimoiy mas’uliyat va korporativ boshqaruvning sifatidir.

Hisobotni tayyorlashda menejment va rivojlanish strategiyasi, iqtisodiy ko‘rsatkichlar, ekologik qonunlarga rioya qilish, xodimlar salomatligi va xavfsizligi kabi muhim mavzular doirasida umumiy ko‘rsatkichlar to‘liq ochib berildi. 100 ta GRI ko‘rsatkichidan 97 tasi, shuningdek, 12 ta SASB ko‘rsatkichlardan 9 tasi to‘liq oshkor qilindi. Ko‘rsatkichlar xalqaro standartlarga muvofiq to‘liq ochib berilgan bo‘lib, bu “O‘zbekneftgaz” AJning muvaffaqiyatli tashkiliy ishlari va investitsion jozibadorligini ta’kidlaydi.

ESG tamoyillarini joriy qilish kompaniyaning jamiyatga, shu jumladan, atrof-muhit va iqtisodiyotga ta’sirini hisobga olgan holda ishlashini anglatadi. Bu nafaqat butun iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashga yordam beradi, balki kompaniyaning moliyaviy bo‘lmagan xatarlarini kamaytiradi, uning barqarorligini ta’minlaydi.

“O‘zbekneftgaz” AJ respublika aholisi farovonligini oshirish bo‘yicha faoliyatining shaffofligini oshirish maqsadida har yili barqaror rivojlanish hisobotini tayyorlashni va doimiy ravishda ommaga e’lon qilib borishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

O‘zA.