AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya boshlig‘i Adham Qurbonovning ta’kidlashicha, Tabiat resurslari vazirligi tomonidan sohada ekologik nazorat ishlarini to‘g‘ri va samarali tashkil etish, ekologik huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘rish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

– Inspeksiyaning 2022 yildagi faoliyati davomida hududlarda tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida 77 mingdan ortiq profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. O‘tkazilgan davlat ekologik nazorat tadbirlari davomida 45 ming 300 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga jami 40 milliard so‘m ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar summalari hisoblandi.

1 ming 409 ta holat bo‘yicha 5,8 milliard so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zararlarni undirish va qonuniy chora ko‘rish yuzasidan materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritildi. 36 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Huquqbuzarlardan 300 dan ortiq hayvonot dunyosi ob’ektlari, 6 ming 442 kg dorivor, texnik va ozuqabop o‘simliklar, 2 ming 433 kg baliq mahsulotlari, 550 dan ziyod inventarlar belgilangan tartibda olib qo‘yildi. Olib qo‘yilgan hayvonlar tabiat bag‘riga qaytarilib, o‘tin va baliq mahsulotlari kam ta’minlangan oilalar va Mehribonlik uylariga topshirildi.

446 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda davlat ekologik nazorati tartibida tekshirishlar o‘tkazildi. Tekshirishlar natijasida 379 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 437,8 million so‘m jarima summasi qo‘llanilgan. Atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 50,2 milliard so‘m qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari hisoblandi.

Ekologik talablarga rioya etmagan 24 ta korxona faoliyati sud qarori bilan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatildi. Tekshiruv natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga 1 ming 797 ta majburiy ko‘rsatma va tavsiyalar berilib, profilaktika ishlari olib borildi.

“Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimining “Arnasoy” suv ombori hududida baliq ovlashga bir yil muddatga moratoriy e’lon qilinganligi munosabati bilan baliq ovlash qat’iyan taqiqlangan. Ushbu ko‘llar tizimida muntazam ravishda noqonuniy baliq ovlash, tashish va sotish holatlarining oldini olish bo‘yicha reyd tadbirlari tashkil etilgan.

Mazkur ko‘llar tizimi va ularga tutash bo‘lgan hududlarda jami 427 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan jami 445 million so‘m miqdordagi jarima va zarar belgilanib, tegishli organ tomonidan 3 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Ekologik patrul” guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Joylarda jami 270 nafar xodimlardan iborat 90 ta guruh tashkil etilib, barcha tuman va shaharlar to‘liq qamrab olindi. Toshkent shahrida 10 ta, Toshkent viloyatida 8 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 6 tadan guruh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Guruhlar tomonidan ekologiya sohasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi 25 ming 701 ta tezkor-qidiruv va maqsadli reydlar o‘tkazish natijasida 26 ming 117 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan jami 9 milliard 471 million so‘m miqdordagi jarima jazosi belgilandi hamda 7 ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Huquqbuzarlardan 4 ta o‘qotar qurol, 280 ta taqiqlangan ashyolar, 1 ta avtotransport, 31 ta qayiqlar, 5 ming 357 kg baliq va 231 kg hayvon mahsulotlari hamda 1 ming 425 dona kesilgan daraxtlar belgilangan tartibda daliliy ashyo sifatida olindi.

Hududlarda noqonuniy tarzda daraxt va butalarni kesish, shuningdek, ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq 4 ming 673 ta xuquqbuzarlik holatlari aniqlanib, 7 milliard so‘mdan ziyod jarima hamda 10 milliard so‘mdan ziyod tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan. Bu ko‘rsatkichlarning aksariyat qismi asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand hamda Toshkent viloyatlari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Davlat ekologik nazoratini amalga oshirishda jamoatchilik nazorati joriy etilib, uning rag‘batlantirish mexanizmi ham ishga tushiriladi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda inspektorlarning ish samaradorligini oshirish maqsadida “Smart patrul” tizimi keng joriy etiladi. Ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda qog‘oz bilan ishlashdan voz kechilib, to‘liq maxsus planshetlarda amalga oshirish tizimiga o‘tiladi, – dedi Adham Qurbonov.

O‘zA