Ular orasida O‘zA muxbiri ham bor

O‘tgan yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandda tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi yakunida tuzilmaga raislik rasman Hindistonga o‘tgani ma’lum qilingan edi.

Hindiston 2017 yil SHHTning to‘laqonli a’zosiga aylangan. Shundan buyon tashkilot bilan faol hamkorlik qilib kelayotgan ushbu davlat “Startaplar va innovatsiyalar”, “Ilm-fan va texnologiya”, “Milliy tibbiyot” kabi global tashabbuslarni ilgari suradi, bu borada qator ishlarni amalga oshirdi.

Ertaklar diyori 2022 yil sentyabrdan boshlab ilk bor SHHTga raislik qilmoqda. Bosh vazir Narendra Modi boshqaruvida yakuniga yetadigan sammitga qadar bu yurtda turli sohalarni qamrab olgan tadbirlar tashkil etilayotgani e’tiborga molik.

Jumladan, 5 fevral kuni SHHTga a’zo davlatlar ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil qilingan o‘quv safari boshlandi. Hindiston bilan tanishuv Dehli va Varanasi shaharlaridan boshlandi. Bizni oldinda turli uchrashuvlar, tarixiy va zamonaviy ahamiyatga ega hududlarni o‘rganish dasturlari kutib turibdi.

Tarkibida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi vakili ham bor jurnalistlar guruhi dastlab mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sanjay Verma va SHHT ishlari bo‘yicha Milliy koordinator Yojna Patel bilan uchrashdi. Tadbir avvalida mehmonlarning tarixiy, madaniy-ma’rifiy an’analarni ko‘z qorachig‘idek asraydigan zamin – Hindistonga tashrifi mamnuniyat bilan qabul qilingani bildirildi.

OAV vakillari o‘zlarini birin-ketin tanishtirgach, muloqot muhokama va savol-javob tarzida davom etdi. Mezbonlar tashkilotga raislik davrida amahiyat qaratiladigan muhim vazifalar, xususan, “Startap va innovatsiya”, “Ilm-fan va texnologiya”, “Milliy tibbiyot” kabi g‘oyaviy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Hindiston Bosh vazirining 2019 yil Bishkekda bo‘lib o‘tgan SHHT davlat rahbarlari sammitida ming yillik umumiy sivilizatsiya merosiga e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha bayonotiga ham jiddiy yondashilgani qayd etildi.

Hindistonda SHHT doirasida ilk bor yosh olimlar hamda startap forumlari, Iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumi bo‘lib o‘tdi. V2V formatida Ishbilarmonlik kengashi milliy bo‘limlari orqali, mintaqadagi kichik va o‘rta biznes sub’ektlari hamkorligiga e’tibor qaratgan holda, biznes-anjuman tashkil etildi.

S.Verma 2022 yil SHHT Hukumat rahbarlari kengashiga raislik vazifasini muvaffaqiyatli yakunlagan Hindiston tuzilma doirasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, tinchlik, farovonlikka hissa qo‘shishga intilishini ta’kidladi.

Uchrashuv so‘ngida jurnalistlar yil davomida o‘tadigan muhim yig‘ilishlarga tayyorgarlikka oid ayrim savollarga javob oldilar.

Shundan keyin guruh a’zolari Manohar Parrikar nomidagi Mudofaa tadqiqotlari va tahlili instituti faoliyati bilan tanishdi.

Mudofaa va xavfsizlikning barcha jihatlari bo‘yicha ob’ektiv tadqiqot va siyosatga tegishli tahlil olib boradigan mazkur idora milliy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlayotgani to‘g‘risida axborot berildi.

Qayd etilishicha, tashkilotda turli xil qarashlarni ifodalovchi akademiya, mudofaa kuchlari va davlat xizmatidan jalb qilingan malakali ko‘p tarmoqli tadqiqot fakulteti bor. Bundan tashqari ommaviy axborot vositalarida institut mutaxassislarining fikri sharh, intervyu va munozara ko‘rinishida e’lon qilinadi. Munozara forumi institut tashkil etilgandan buyon milliy va xalqaro xavfsizlikning muhim jihatlarini chuqurroq o‘rganishga xizmat qilar ekan.

Institut bir necha milliy va xalqaro konferensiya o‘tkazgan. Har yili ishlanmalar bo‘yicha davra suhbati, seminar tashkil etiladi. Hindiston hukumatining fuqarolik va harbiy xizmatchilari uchun yillik o‘quv dasturlari taqdim etadigan mazkur muassasa chet ellardan kelgan mutaxassislar ma’ruzalari dasturiga asoslanadi.

Hindiston sanoat konfederatsiyasi (HSK)ga uyushtirilgan safar doirasida kechgan qizg‘in suhbat davomida mehmonlarga tashkilot faoliyati samaradorligi haqida ma’lumot berildi, mamlakatning bugungi iqtisodiy holati va SHHTga raislik mazkur soha yanada rivojlanishiga turtki berishi ta’kidlandi.

HSK nodavlat-notijorat, sanoat tomonidan boshqariladigan tashkilot sifatida ayni payt 9 mingga yaqin xususiy va davlat sektori sub’ekti, milliy va xalqaro korxonalarni birlashtirgan.

125 yildan buyon faoliyat yuritayotgan ushbu tuzilma mamlakatning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, moliya-kredit bo‘limlari faoliyatini samarali tashkil etishga asoslangan.

Hindistonda pandemiyadan keyingi davr iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi boshqa davlatlar bilan solishtirilganda, yuqori darajada tiklanayotgani bor gap. Shu ma’noda konfederatsiya tahlil bo‘limi a’zolari tomonidan namoyish etilgan startap taqdimotlari, savdo-investitsiya ulushi, YAIM tendensiyasi kabi muhim yo‘nalishlarga doir statistika bilan tanishish imkoni ham yaratilgani ayni muddao.

Umuman, Hindiston bilan tanishuv jarayoni, har bir tadbirning g‘oyaviy mazmuni milliarddan ziyod fuqaro istiqomat qiladigan ushbu zamin SHHT mintaqasi bilan minglab yillik taraqqiyotga, madaniy va ma’naviy qadriyatga ega ekanidan darak beradi.

Jurnalistlar safari tafsilotini O‘zAda kuzatib boring.

Behruz Xudoyberdiyev,

Dehli (Hindiston)