2023 yilgi davlat dasturiga oid Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Loyihada qayd etilishicha, joriy yilda aholiga ipoteka kreditlari doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga 1 trillion so‘m subsidiya ajratiladi.

2023 yilgi davlat dasturiga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmi 2 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2022 yilda 44 mingta xonadon qurilib, foydalanishga topshirilgan. Belgilanayotgan choralar amalga oshirilishi natijasida 2023 yilda quriladigan xonadonlar soni o‘tgan yilga nisbatan kamida 100 foizga ko‘payadi.

Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqaroga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat byudjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Shuningdek, joriy etilgan aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Shu bilan birga, xalqaro va mahalliy fond birjalarida “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga kompaniyaning ustav fondi 100 million dollar ekvivalentga yetkaziladi. Bunda, ipoteka obligatsiyalarini joylashtirish hisobiga jalb qilingan mablag‘lar ipoteka kreditlari uchun resurs sifatida banklarga joylashtiriladi. Natijada aholiga qo‘shimcha 3 mingta ipoteka kreditlari ajratiladi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA