Shu yilning 7-10 fevral kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan “Zamonaviy maktab liderlar nigohida” loyihasi doirasida seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad agentlik tizimidagi maktablar direktorlari tajribasini umumta’lim maktablari rahbar kadrlari bilan bo‘lishishdan iboratdir.

Mazkur treninglar maktab rahbarlarini zamon bilan hamnafas, jahon standartlaridan xabardor, jamoasini bir maqsad atrofida birlashtira oladigan haqiqiy liderlar etib tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unda mamlakatimizning 10 ming 104 nafar maktab direktori ishtirok etayapti.

Treninglar doirasida ta’limni rivojlantirishning ustuvor maqsadi va yangicha yondashuvi bilan tanishtirish, maktabni rivojlantirish strategiyasini (istiqbol reja)  shakllantirishda ta’lim tizimining maqsad va qadriyatlarini asos qilib olish, maktab strategiyasini ishlab chiqishda maktab jamoasini jalb etish kabi masalalar ko‘zda tutilgan.

Treninglar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bir vaqtda bo‘lib o‘tayapti.

Ushbu loyiha doirasida joriy yilning 28 yanvaridan boshlab “Liderlar haftaligi” seminar-treninglariga start berilgan edi.

Unda Agentlik tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarining 130 nafar rahbar kadrlari ishtirok etdi. Mazkur seminar  umumta’lim maktablari direktorlari uchun uzoq muddatli strategiya va ustuvor vazifalarni belgilash, jamoada sog‘lom muhit yaratish, samarali ta’lim tamoyillari, liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirishni ko‘zda tutgani bilan ahamiyatli.

 

O‘zA