Birlashgan Arab Amirliklarida taekvondo WT bo‘yicha o‘tkazilgan yilning ilk nufuzli musobaqasi “Fujairah Open” xalqaro turnirida mamlakatimiz taekvondochilari munosib natijalarga erishdi.

34 ta davlatning 405 nafar sportchisi g‘oliblik uchun kurash olib borgan turnirda taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza, jami 9 ta medalini qo‘lga kiritdi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Ulug‘bek Rashitov, Omonjon Otajonov, Nikita Rafalovich, Madinabonu Mannopova, Feruza Sodiqova, Svetlana Osipova oltin medallarga ega chiqqan bo‘lsa, Najmiddin Qosimxo‘jayev va Ozoda Sobirjonova kumush, Niyoz Po‘latov bronza medallarga sazovor bo‘ldi.

Aytish lozimki, terma jamoamiz a’zolaridan oltin medallarga ega chiqkan sportchi finalgacha bo‘lgan murakkab bahslarda kamida 7-8 martadan dayanda jang olib bordi. Mazkur nufuzli musobaqada 30 nafarga yaqin jahon chempionatlari va Olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari ishtirok etgani turnir “kichik jahon chempionati” ko‘rinishini olgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Bundan tashqari, “Fujairah Open”ning 16 ta final bahsining 8 tasida hamyurtlarimiz kurash olib borgani mamlakatimiz taekvondochilarining o‘ziga xos natijasi bo‘ldi, deyish mumkin.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA