Prezidentimiz topshiriqlari asosida 2023 yildan boshlab Finlyandiya o‘quv standartlari yurtimiz umumta’lim maktablarining 1-4 sinflariga joriy etilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 1 tadan, jami 14 maktabning 1-4 sinflarida Finlyandiya ta’lim tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish bo‘yicha dastlabki jarayonlar boshlandi.

Buxoro tumanidagi 22-umumta’lim maktabi viloyatda tajriba-sinov tayanch maktabi sifatida belgilangan. Ayni paytda

tajriba-sinov jarayoni boshlandi. Unga maktabning 7 ta boshlang‘ich sinfi jalb etilgan, 7 nafar trener-o‘qituvchilar biriktirilgan.

Xo‘sh, nimaga aynan Finlyandiya ta’lim modeli tanlandi.

– Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tadqiqotlarda Finlyandiya ta’lim tizimi har tomonlama eng yetuk deb tan olingan,  – deydi Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov. – Fin o‘quvchilari ham ta’lim sifati bo‘yicha eng yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. Finlyandiyaning asosiy ta’lim to‘g‘risidagi qonunida ta’limning uchta asosiy maqsadi  – o‘quvchilarga hayotda zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni berish, jamiyatda rivojlanish va tenglikni targ‘ib qilish hamda butun mamlakat bo‘ylab ta’lim sohasida tenglikni ta’minlash belgilab berilgan. Fin maktablarida haftasiga 5 kunlik o‘qish joriy etilgan bo‘lib, barcha maktablar bir xil mavqega ega, bolalar qobiliyatiga ko‘ra turli sinf yoki ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga ajratib o‘qitilmaydi. Boshlang‘ich ta’lim 6 yil davom etadi va 3-sinfgacha bolalarga baho qo‘yilmaydi. O‘qituvchilar tomonidan uyga vazifa deyarli berilmaydi. 2017 yildan aksariyat maktablar dars vaqtida “ruchkadan voz kechishgan” va dars jarayonida to‘liq kompyuter va planshetlardan foydalaniladi.

Buxoro viloyati hokimligi tashabbusi bilan Xalqaro Nordik Universiteti tomonidan buxorolik bir guruh rahbar-pedagoglar tajriba o‘rganish maqsadida joriy yilning 16-29 yanvar kunlari Finlyandiya davlatida bo‘lishdi. Ikki haftalik amaliy trening jarayonida vakillarimiz mazkur davlat ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishishdi. Bu fin ta’limining ilg‘or tajribasini viloyat umumta’lim maktablarida joriy etish imkonini beradi.

– Safar jarayonida Muurame biznes maktabi bilan tanishdik, –deydi Buxoro shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri Murod Mattiyev. – Bu maktabda o‘quvchilarga tadbirkorlik yo‘nalishida turli loyihalar ishlab chiqish va uni kompaniyalarga taqdimot qilish ko‘nikmalari o‘rgatilar ekan. Chunki ushbu shaharda 600 dan ortiq katta kompaniyalar faoliyat yuritar ekan.  Kuokkalin o‘rta maktabida esa har bir o‘quvchiga hayotda asqotadigan, uy-ro‘zg‘orda muhim bo‘lgan barcha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Pishiriqlar tayyorlash xonasi, yog‘ochga, metallga ishlov berish xonalari, payvandlash, elektromontyorlik xonalari bo‘lib, saboqlar bevosita amaliyot uyg‘unligida olib boriladi. O‘quvchilarga bu yerda hattoki kir yuvish mashinalari orqali kir yuvish, dazmollash, to‘qish kabi kundalik ro‘zg‘or yumushlari ham o‘rgatib boriladi. Maktab direktori tomonidan muassasada tashkil etilgan o‘quv jarayonlari taqdimoti juda qiziqarli bo‘ldi. Taqdimot jarayonida u dars jadvalining tuzilishi, maktabda qanday fanlar o‘qitilishi, o‘qituvchilar tarkibi, salohiyati va maxsus sinflar haqida gapirib berdi.

Jarayonda maktab darsliklari bilan ham tanishdik. Ma’lum bir sinfga mo‘ljallangan bitta darslikda bir nechta fanlar qamrab olingani e’tiborimizni tortdi. Maktab o‘quvchilari dars mashg‘ulotlarida darslikdagi mavzularni yodlash emas, balki uni hayotda qanday qo‘llash kerakligini o‘rganar ekan.

– Finlyandiya tajribasi bilan tanishish mobaynida Kelijonkankaan kirjasto fin o‘rta maktabida bo‘lib, ushbu ta’lim muassasasidagi dars jarayonlarini, o‘quvchi-yoshlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdik, – deydi Vobkent tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Murodillo Farmonov. – Fizika, matematika, texnologiya va mehnat darslarini kuzatdik. Bu maktabda 1100 nafar o‘quvchi tahsil olar ekan. Texnologiya sinf xonasida o‘quvchilarga darsda kerak bo‘ladigan barcha jihozlar, yordamchi detallardan tortib, mayda asboblargacha tayyor holda jamlangan. O‘quvchilar darsni amaliyot bilan birga olib borib, har bir jihozni o‘qituvchi bilan birga tayyorlayotgani kishini quvontiradi.

Fin maktablarida musiqa ta’limiga ham e’tibor katta ekan. Chunki shaxs tarbiyasida musiqa va san’at muhim ahamiyatga ega. Keski-Palokan maktabidagi musiqa darsi jarayonlarini bir olam zavq bilan kuzatdik. Musiqa xonasining jihozlanishi, nihoyatda erkin muhitda o‘quvchilarning zavq va ishtiyoq bilan saboq olayotgani, musiqa asboblarini chalayotganini ko‘rib, havas qildik.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA