Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 20 yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilgan edi.

– Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo, – degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatiladi. Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olingan. Ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, o‘quvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi o‘rganilgan.

Hokimliklarga ushbu tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yilgan. Bunga yoshlar yetakchilari va tadbirkorlar ham jalb etilib, Yoshlar jamg‘armasidan mablag‘lar yo‘naltiriladi.

Bu borada amaliy qadamlar tashlandi. Andijon viloyati Andijon tumanidagi 55-umumta’lim maktabida ayni talablar asosida, o‘quvchilarni aniq kasblarga yo‘naltirish ishlari boshlandi.

Maktabning 600 o‘rinli o‘quv binosi 1 milliard 250 million so‘m hisobiga joriy ta’mirlandi. Endi bu yerda 28 nafar pedagog o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya beradi.

55-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan yerto‘lasi tadbirkorlarga ajratib berildi. 14 xonada 6 ta – tikuvchilik, savat to‘qish, ko‘rpa-to‘shak ishlab chiqarish, mebelchilik, poyabzal va qandolatchilik kabi yo‘nalishda ishlab chiqarish va kasbga o‘rgatish tashkil etildi.

Maktab hududida novvoyxona, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash, elektrotexnika, tipografiya, kompyuter xizmati va salonlar endi o‘quvchi-yoshlar bilan gavjum bo‘ladi. Yoshlar uchun tajriba maydoniga aylanadi.

Maktabning 10- va 11-sinf o‘quvchilaridan 75 nafari ishlab chiqarish va kasb-hunarga o‘rgatishga biriktirilib, amaliy ishlar boshlandi.

bugungi davr o‘quvchilarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” bo‘yicha zamonaviy kasblarga o‘rgatish muhimligini ko‘rsatmoqda. Muassasada ayni yo‘nalishdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy jihozlangan faollar zali, sport zali, kutubxona, moslashtirilgan oshxona, 23 ta o‘quv xonasi, kimyo, fizika laboratoriya va kompyuter xonasi mavjud. Mingdan ziyod kitob fondiga ega kutubxona yoshlar ixtiyorida.

Prezident joriy yil 1 fevral kungi Andijon viloyatiga tashrifi davomida ushbu maktabga bordi, yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rdi. Kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, rejalar belgilandi.

– E’tibor bersangiz, kasb egallamay o‘qishni bitirganlar hayotda qiynaladi, ish topolmaydi. Kimning qo‘lida hunari bo‘lib, chet tilini bilsa, yo‘li ochiq. Sizlarda shunday imkoniyat bor. O‘zingizni qiynab, qunt bilan bilim oling, hunar o‘rganing. Qarorlar, sa’y-harakatlar qachon natija beradi? Mutaxassis zo‘r bo‘lsa. Investorlar ham kadrlarning bilim va malakasiga ishonib keladi. Mamlakatimizning eng katta boyligi – yoshlar, – dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ham “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”, degan edi. Bunga erishishning asosi ta’limdir. Shu bois Murojaatnomada maktab o‘quvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish ustuvor vazifa etib belgilangan.

– Davlatimiz rahbari maktablarda ta’lim sifati, jamiyatda o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, sharoitlarini yaxshilashda eng asosiy vazifalarni belgilab berdi, – deydi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova. – Bizning maqsadimiz, farzandlarimizga sifatli ta’lim berishda bog‘cha, maktab va oliy ta’lim uyg‘unligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirishdan iborat. Ta’limga, o‘qituvchilarga e’tibor kuchaygan, oliy ta’limga qamrov oshgan bir paytda maktablardagi sifat ham shunga mos bo‘lishi kerak. Shundagina bilimli avlodni voyaga yetkazish mumkin.

Ushbu fikrlar, tavsiyalardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda amalga oshirilgan ishlar kelgusida yangicha fikrli, kasb-hunarli, bitta xorijiy tilni mukammal bilgan, keng dunyoqarashga ega yoshlar ulg‘ayishi kafolatidir. Zero, ta’lim tizimida ertangi kunni bugundan o‘ylash, investitsiya kiritish, maqsadli loyihalarni amalga oshirish zarur.

Barno MELIQULOVA, O‘zA