O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarining 2023 yil yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan (hosil bo‘lgan) soliq qarzini 2023 yil 1 martdan 1 iyulga qadar foizlarsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Soliq qo‘mitasi soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi arizalarni 5 kungacha muddatda ko‘rib chiqadi.

Tadbirkorlik sub’ektlarining soliq qarziga penya hisoblash 2023 yil 1 aprelga qadar to‘xtatiladi. Shuningdek, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga jarimalar qo‘llanilishi hamda mazkur qaror kuchga kirguniga qadar qo‘llanilgan jarimalar undirilishi 2023 yil 1 aprelga qadar to‘xtatiladi.

Tadbirkorlik sub’ektlariga 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini 2023 yil 1 martdan boshlab 1 iyulga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Davlat mulkidan foydalanish yuzasidan 2022 yildan buyon amalda bo‘lgan ijara shartnomalari bo‘yicha ijara to‘lovlari miqdori 2023 yil 1 aprelga qadar o‘zgarishsiz qoladi.

Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan davlat aktivlari bo‘yicha 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar, shu jumladan dastlabki to‘lov to‘lanmaganligi uchun foizlar va penyalar hisoblash 2023 yil 1 aprelga qadar to‘tatib turiladi.

2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar bajarilmaganligi uchun tadbirkorlik sub’ektlariga davlat buyurtmachilari (shu jumladan, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar) tomonidan jarima va penyalar qo‘llanilmaydi.

Bu davrda qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan 2023 yil 1 aprelga qadar davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi to‘xtatib turiladi.

Markaziy bank (M.Nurmuratov) tijorat banklari bilan birgalikda joriy qish mavsumida havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli talafot ko‘rgan tadbirkorlik sub’ektlarining kreditlari bo‘yicha 2023 yil yanvar-mart oylari uchun to‘lovlar muddatini 2023 yil 1 iyunga qadar uzaytirish; muddati o‘tgan kreditlariga jarima sanksiyalari va garov ta’minoti bo‘yicha 2023 yil 1 aprelga qadar undiruv choralarini qo‘llamaslik;

faoliyati uzluksizligini ta’minlashga, shu jumladan vaqtinchalik pul oqimlaridagi uzilishlarini qoplash va aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltirilgan qisqa muddatli (revolver) kredit mahsulotlarini oldindan ma’qullangan (modul) qarorlar asosida taklif etish;

nosoz holga kelgan asosiy vositalarini ta’mirlash uchun kreditlar ajratish;

kredit byurolarida kreditlari bo‘yicha to‘lovlar muddatining uzaytirilishini ularning kredit tarixi va skoring ko‘rsatkichlarini tekshirishda inobatga olmaslik bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi.

O‘zA