O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning do‘stlik hamda sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi.

Tashrif doirasida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm masalalari bo‘yicha hujjatlar, shuningdek, 10 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdorda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi bitimlar imzolandi.

Ayni paytda parlamentlararo aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiyaning BAAga tashrifi doirasida ushbu mamlakat Federal milliy kengashi raisi Saqr G‘obash bilan uchrashuvda yuqoridagi yutuqlar e’tirof etildi.

Muloqotda parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlar izchilligini ta’minlash, xususan, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, gender tenglik va yoshlar masalalari bo‘yicha  o‘zaro tajriba almashish maqsadga muvofiq ekanligiga e’tibor qaratildi.

Senat Raisi T.Norboyeva oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida qabul qilingan “yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini o‘rnatish hamda bu sohada Amirliklar parlamenti bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish va “xalq diplomatiyasi”ning muhim jihati hisoblangan “Do‘stlik guruhlari” faoliyatini jonlantirish lozimligini ta’kidladi.

Parlamentlarning birgalikda savdo-iqtisodiy, investitsiya, xizmatlar sohasidagi erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga xizmat qiladigan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

BAA Federal milliy kengashi raisi Saqr G‘obash ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy, investitsiya sohasidagi hamkorlik Amirliklar uchun ustuvorligini aytib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu muhim masalaga alohida e’tibor berayotganini inobatga olib, BAA Federal milliy kengashi O‘zbekistonda investitsiya qonunchiligini takomillashtirish sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuvda hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, elektron parlamentni joriy etishda tajriba almashish kabi masalalar bo‘yicha kelishib olindi. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qonun ijodkorligi, qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini rivojlantirish borasida axborot va tajriba almashishni kengaytirish kabi masalalarni qamrab olgan Senat va Federal milliy kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

O‘zA