Ma’lumki, mamlakatimizda mashhurlar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarga o‘xshash shaxslarning dori vositalarini reklama qilishi taqiqlanadi. Shuningdek, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga ma’lum talablar mavjud.

Xo‘sh, bu qanday talablar? Qaysi dori vositalarini reklama qilish taqiqlangan? Bu boradagi savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi.

— O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, Dori vositalarini reklama qilishda ayrim narsalar taqiqlangan. Xususan, taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi. Mazkur talab foydalanuvchilari faqat tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bo‘lgan reklamaga, tibbiyot yoki farmatsevtika ko‘rgazmalari, seminarlari, konferensiyalari va boshqa shunga o‘xshash tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda tarqatiladigan reklamaga, shuningdek, bosma nashrlarga joylashtirilgan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalari, shaxslarning minnatdorchiligi va reklama qilinayotgan dori vositalarining ta’siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo‘lgan tavsiyalardan foydalanish, kasallik va dori vositalarining inson organizmiga ta’siri natijasida inson organizmida yuz beradigan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi videolavha, tasvir yoki vizual namoyishdan foydalanish, dori vositalarini haddan ziyod va noto‘g‘ri ishlatishga undash, shifokor maslahatini olmasdan mustaqil ravishda davolanish yoki jarrohlik aralashuvini amalga oshirish imkoniyati to‘g‘risida taassurot (ishonch) uyg‘otish hamda dori vositalari muvaffaqiyatli qo‘llanilganiga doir muayyan hollarga havola qilinadigan reklamalar taqiqlanadi.

— Retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasiga ham talab mavjudmi?

— Albatta. Retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasida dori vositasini nojo‘ya ta’sirlari mavjud emasligi jihatidan noyob, eng samarali, eng xavfsiz deb taqdim etmaslik lozimligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, dori vositasining tarkibi, kelib chiqishi, yangiligiga yoki patentlanganligiga nisbatan yanglishishlarga olib kelmaslik, dori vositasi ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimcha, kosmetik mahsulot yoki gigiyena vositasi yoxud boshqa har qanday turdagi tovar ekanligini ta’kidlamaslik, reklama ta’sirini kuchaytirish maqsadida boshqa dori vositalari bilan noto‘g‘ri taqqoslashlarga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur dori vositasining ta’siri kafolatlangani to‘g‘risidagi tasdiqni o‘z ichiga olmaslik hamda inson salomatligi dori vositasini qabul qilmaslik oqibatida yomonlashishi mumkinligini uqtirmaslik kerak.

Retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasi har bir holda ularni qo‘llashga va ulardan foydalanishga qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi, qo‘llashga doir yo‘riqnoma bilan tanishish yoki mutaxassislar maslahatini olish zarurligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

— Tibbiyot xodimlari va tibbiyot muassasalari uchun mo‘ljallangan dori vositalarining reklamasiga oid qoidalar ham mavjudmi?

— Mavjud. Tibbiyot xodimlari va tibbiyot muassasalari uchun mo‘ljallangan dori vositalarining reklamasi dori vositalari to‘g‘risidagi ilmiy ma’lumotlar ro‘yxatiga to‘liq mos kelishi kerak. Jumladan, har bir doza uchun faol moddaning miqdori, nojo‘ya holatlar va asosiy nomaqbul ta’sirlar, qarshi ko‘rsatmalar, ogohlantirishlar va mazkur dori vositasini ehtiyotkorlik bilan qo‘llash kerak bo‘lgan hollarga doir axborot, boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta’siri, tegishli ilmiy manbalarga, shuningdek qo‘shimcha axborot olish imkoniyati va manbaiga havola hamda mazkur reklamadan foydalanuvchilar faqat tibbiyot va farmatsevtika xodimlari ekanligi to‘g‘risidagi axborot to‘g‘ri kelishi lozim.

Yana bir muhim qoida shundaki, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama ob’ekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak. Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA