O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga o‘tkaziladigan saylovga tayyorgarlik ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham jadallik bilan olib borilmoqda.

Ayni kunlarda saylovlarga tayyorgarlikning birinchi bosqichi doirasidagi jarayonlar davom etmoqda.

Saylovdan ko‘zlangan maqsad, yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarda parlament faoliyatiga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish, yoshlarda nutq madaniyatini o‘stirishdan iborat. Shuningdek, ularning faol fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlash, parlamentda partiya elektorati manfaatlarini himoya qilish, dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish bo‘lib hisoblanadi. Shuningdek, zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘ladigan yoshlarni mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarga keng jalb etish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish orqali Vatanga, o‘z xalqiga sadoqat tuyg‘usini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan.

Mazkur saylov  jarayoni bo‘yicha  tegishli okrugdagi tumanlarda saralash bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Beruniy va Qorao‘zak tumanlarida  tanlov nizomida belgilangan tartibda nomzodlarning  hujjatlarini  qabul  qilish ishlari davom etmoqda.

– Hujjatlarni qabul qilish jarayonida  ularning partiya bilan xayrixohligi, har jabhada faol, tashabbuskorligi, qobiliyati, qonunchilik sohasidagi bilim  va tajribasi,  huquqiy va siyosiy savodxonligi, erishgan muvaffaqiyatlari, o‘zgalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan shijoatli yoshlarni saralab olishga ahamiyat qaratilmoqda, – deydi O’zLiDeP Beruniy tuman Kengashi apparat rahbari R.Yuldasheva. – Maqsadimiz esa yoshlarni parlament bilan yanada yaqinlashtirish,  ularning siyosiy jarayonlardagi faolligini yanada oshirishdan iborat.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA