Bank hamisha mijozlarga foydali va qulay takliflar ishlab chiqish ustida ishlaydi. Bank sohasiga qiziqadigan, yangicha fikrlaydigan, talab va takliflar bilan ishlashda o‘z yondashuviga ega kadrlarga ehtiyoj bo‘ladi. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, sohaga yosh mutaxassislarni jalb qilish muhimdir.

Sohani takomillashtirish, yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash maqsadida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.  Jumladan, oliy ta’lim muassasalarining sohaga tegishli bo‘lgan yo‘nalishlari 4-bosqichini tamomlayotgan talabalar ishga taklif etilayotir.

Toshkent moliya institutida Belarusiyaning Podolsk instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma fakultet bitiruvchi talabalari uchun ham tanlov o‘tkazildi.

Ikki bosqichli ya’ni mantiqiy-arifmetik testlarni yechish va bank yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, yosh mutaxassislar saralandi. Yosh kadrlarga amaliyot davomida bank tuzilmasi va korporativ madaniyati, bank mahsulot va xizmatlari bilan tanishish, mijozlar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘lish, maxsus dasturlarda ishlash imkoniyati beriladi.

– Talaba yoshlarimiz yangilikka intiluvchan, bir-biridan bilimli, – deydi qo‘shma fakultet dekani Tursunbay Baymuratov. – Ammo tanlovning o‘z qoidalari bor. Nomzodlar xorijiy tillarni  yaxshi bilishi, MS Office dasturlari bilan ishlay olish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Talabalarning analitik fikrlashi, yozma va og‘zaki muloqot qilish ko‘nikmalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Ko‘plab talabgorlar orasidan eng munosiblari tanlab olindi. “O‘zmilliybank” AJ yosh mutaxassislarga qiziqarli va foydali amaliyot, stajirovka vaqti uchun to‘lov, o‘qishni tamomlagandan keyin ishga joylashish imkoniyatini taqdim etmoqda.

– Har bir ish, kasbning o‘ziga xos mashaqqati bo‘ladi, – deydi tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan Davron Raximov. – Samarali natijaga izlanish, o‘qish va o‘z ustida ishlash orqali erishish mumkin. Amaliyot o‘tash va so‘ngra ishga qabul qilish tanlovi yana bir bor bilimlarimni sinovdan o‘tkazish uchun imkoniyat bo‘ldi. Kelgusida bildirilgan ishonchni oqlash uchun astoydil mehnat qilaman.

Ma’lumot uchun, mazkur tanlov natijalariga ko‘ra, 8 nafar bitiruvchi yigit-qiz “O‘zmilliybank” AJda ish faoliyatini boshlaydi.


B.Meliqulova, O‘zA