Oliy Majlis Senati qo‘mitalari tomonidan doimiy ravishda qator qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganilib, qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshiriladi.

Maqsad qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish, eng asosiysi aholi, oddiy odamlar hayotini yaxshilashdan iborat.

Olib borilgan tahlillar ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks ettirilmagani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarning mavjud emasligi tufayli sohalar asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingani, shuningdek, ayrim qonunlardagi normalarning amaliyotda turlicha talqin qilinishiga sabab bo‘layotgani tufayli bugungi kun talabi asosida qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish zarurati mavjudligini ko‘rsatdi.

Ta’kidlash lozim, monitoring jarayonida bevosita aholining ijtimoiy hayotini yaxshilashga xizmat qiluvchi qonunlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun ham shular jumlasidan bo‘lib, hujjatning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti hamda bugungi kun talablariga javob berishi nuqtai nazaridan o‘tkazilgan monitoringlar qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator normalar mavjudligini ko‘rsatdi.

Masalan, ilgari amaldagi qonunchilikka muvofiq boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi qaramog‘idagi shaxslarga ular 16 yoshga to‘lgunga qadar, o‘quvchi bo‘lsalar 18 yoshga to‘lgunga qadar to‘lanishi belgilangan. Biroq fuqaro 18 yoshga to‘lganda, ko‘pincha oliygohga o‘qishga kiradi, shunda tabiiyki, u o‘qish bilan band bo‘lgan davrda ta’minotsiz qolib ketar edi.

Lekin, bu borada harbiy xizmatchilar, ichki ishlar organlari xodimlari, sudyalar va prokuratura organlari xodimlari oila a’zolariga qonunchilikda imtiyozlar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, nogironligi bolalikdan bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash, nogironlik va Chernobil AESdagi avariya tufayli mayib bo‘lgan shaxslarga pensiyalarni tayinlash bilan bog‘liq va yana boshqa ko‘plab masalalar qonunda to‘liq o‘z aksini topmagan edi.

Monitoring va tahlillar natijasida ishlab chiqilgan takliflar inobatga olinib, “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Qonunda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi to‘lovlarini marhumning qaramog‘idagi farzandlariga, ular 18 yoshgacha, agar umumiy o‘rta ta’lim muassasasi, akademik litsey va oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan bo‘lsa 23 yoshga to‘lgunga qadar to‘lash belgilandi. Nogironligi bolalikdan bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaragan davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash nazarda tutildi.

Ma’lumki, COVID-19 pandemiyasi kutilmagan holatlarga tayyor turish, bunday sharoitda aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi. Shu nuqtai-naazardan qonunda  respublika hududida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lgan davrda pensiya olish huquqi vujudga kelgan fuqarolar, ushbu tadbirlar (cheklovlar) davrida yoki tugagandan so‘ng bir oy ichida pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etgan taqdirda, ularga pensiya uni olish huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlanishi mustahkamlandi.

O‘z navbatida ushbu o‘zgartirish va qo‘shimchalarning kiritilishi yetim bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga, karantin tadbirlari davomida fuqarolarning pensiyaga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

O‘zA