Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Yangi Andijon massividagi “Ipoteka markazi”da muqobil energetikani rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Ta’kidlanganidek, ijtimoiy soha ob’ektlarida quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag‘ beriladi.

Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi va “yashil energiya”ni byudjet korxonasiga sotadi.

Kichik quyosh panelidan olinadigan 1 kilovatt-soat elektr energiya tannarxi o‘rtacha 450 so‘m, byudjet tashkilotiga 800 so‘mga sotish mumkin.

Yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari o‘rnatiladi.

–Andijonlik tadbirkorlar har doim

eng ilg‘or tashabbuslar bilan chiqib, boshqa hududlarga o‘rnak bo‘ladi. Bu safar ham  ko‘plab yirik tadbirkorlar, mahallalar o‘z binolarida quyosh energiyasini o‘rnatishni boshlagani, katta-katta marralar olayotganidan xabarim bor,– dedi Prezident. – Biz bunday fidoyilarni albatta qo‘llab-quvvatlaymiz.

Vodiyda 1 ming 408 ta yirik korxona mavjud (Andijonda – 468 ta, Namanganda – 458 ta, Farg‘onada – 482 ta)

Umuman, vodiydagi yirik korxonalarni elektr ehtiyojini 100 foiz o‘zi ta’minlashga o‘tkazish  rahbarlar uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

 O‘zA