Yaqinda hind matbuotida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari Eldor Tulyakovning O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik mavzusiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi. Ekspert ikki davlatning bugungi kundagi munosabatiga xos ijobiy tendensiyani atroflicha tahlil etgan.

bugungi kunda mamlakatimizning Hindiston Respublikasi bilan ko‘p qirrali strategik hamkorligi ikki va ko‘p tomonlama asosda, yangi bosqichda  rivojlanmoqda.

O‘tgan yil ikki qadimiy yuot o‘rtasida zamonaviy diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi keng nishonlandi. Umuman, 2022 yil muhim voqealarga boy kechdi: davlat rahbarlari bir necha bor uchrashdi, Hindiston – Markaziy Osiyo birinchi sammiti (yanvar), “BRICS Plus” formatida global rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot (onlayn, avgust) va Samarqand shahrida O‘zbekiston raisligida SHHT sammiti (sentyabr) bo‘lib o‘tdi.

Bunday muntazam va qizg‘in siyosiy jarayon o‘zaro manfaatli munosabatni yangi bosqchiga olib chiqish uchun mustahkam zamin yaratadi.

2017 yildan boshlab O‘zbekiston – Hindiston savdo-iqtisodiy hamkorligi sezilarli faollashgani ayon. Bundan besh yil oldin tovar ayirboshlash miqdori 323,6 million dollar edi. 2021 yil bu ko‘rsatkich 490 millionga yetdi. Ayni paytdagi statistikaga ko‘ra, o‘zaro savdo va xizmat almashish qariyb 700 million dollarga yetgan.

O‘zbekiston Hindiston sarmoyasiga ochiq va qulay shart-sharoit yaratish orqali kimyo mahsulotlari, AKT, farmatsevtika, dori-darmon, to‘qimachilik va boshqa sohalardagi hamkorlikni ma’qullaydi. O‘z navbatida hindistonlik investorlarning respublikamizga qiziqishi ortib, ayni yo‘nalishda uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Hozir O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokida 400 ga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Nyu-Dehlida O‘zbekiston-Hindiston savdo uyi, Toshkentda O‘zbekiston-Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish markazi ochilgan.

Tan olish kerak, hozir bu ikki qadimiy diyor, umuman, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer usti aloqa yo‘li mavjud emasligi tufayli umumiy savdo-iqtisodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarishning iloji bo‘lmayapti. Shu bois transport muammosini hal etishdan birdek manfaatdor O‘zbekiston va Hindiston o‘zaro transport-kommunikatsiya aloqasini rivojlantirish niyatida.

Hindiston Osiyo va Afrikani bog‘laydigan Hind okeanidagi dengiz yo‘li markazida joylashgan muhim davlat. Shu nuqtai nazardan Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasi orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi rishtani mustahkamlash global logistika va ishlab chiqarish (xo‘jalik) zanjiriga hissa qo‘shadi. Bu ham Yevroosiyo mintaqasi, ham qo‘shni davlatlar manfaatiga xizmat qiladi.

Prezident Mirziyoyev 2023 yil 12 yanvarda bo‘lib o‘tgan “Global janub ovozi” sammitidagi nutqida ta’kidlanganidek, Yevroosiyodagi yetakchi transport arteriyasi hisoblangan O‘zbekiston Hindiston tomonidan targ‘ib qilingan “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Umuman, davlatimiz rahbarining Hindiston Bosh vaziri taklifiga binoan mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etishi ikki yetakchi o‘rtasida o‘zaro ishonch, muloqot yuksak darajada ekanini yana bir bor namoyon etib, mavjud strategik hamkorlikni mustahkamladi.

Hindistonning “G20” tuzilmasidagi raisligi doirasida o‘tgan Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro munosabatlarni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb tendensiyalar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi muammosi, atrof-muhitni muhofaza qilish, logistika, yosh avlodni tarbiyalash, inson kapitali rivojini ta’minlash kabi qator dolzarb masalalar yuzasidan ham muhim fikrlarini bildirdi. Hindistonning rivojlanayotgan davlatlar bilan o‘zaro manfaatli va samarali munosabatni mustahkamlashdagi faol rolini alohida ta’kidlab, o‘z navbatida, bunday mamlakatlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy tashabbuslar ko‘tardi. Xususan, Global janub uchun “yashil texnologiya va innovatsiya ma’lumot bazasi”ni yaratish, doimiy faoliyat yurituvchi “Yoshlar ovozi” muloqot platformasini tashkil etishni taklif etdi, xorijiy hamkorlarni Markaziy va Janubiy Osiyo zanjirini mustahkamlashga qaratilgan Afg‘oniston orqali Hind okeanigacha boradigan temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirishda ishtirok etishga chaqirdi.

Mazkur tashabbuslar, ayniqsa, jahon iqtisodiyotida noaniqlik va inqiroz keltirib chiqarayotgan turli qarama-qarshilik, mojarolar oqibatidagi hozirgi geosiyosiy o‘zgarish va sharoitni hisobga olgan holda, ayni vaqtida amalga oshirilmoqda. Bu vaziyatda Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va samarali munosabatni mustahkamlash jarayonidagi xalqaro nufuzi, salohiyati ortib borishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikki davlat rahbarlari – Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh Vazir Narendra Modining shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston – Hindiston munosabati turli sohalarda o‘zaro manfaatli tarzda rivojlanayotgani, hamkorlikni ta’minlash yo‘lidagi umumiy faoliyatda sifat jihatidan oldinga siljish yuz berayotgani e’tiborga molik. Sheriklikning bunday rivojlanishi, barqaror savdo-iqtisodiyot va transport kommunikatsiyasi orqali ikki mintaqa – Markaziy va Janubiy Osiyo aloqasini mustahkamlash uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lishi shubhasiz.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

ijrochi direktori

Maqolaning asli bilan https://icwa.in/show_content.php?lang=1&level=1&ls_id=8920&lid=5817 havolasi orqali tanshish mumkin.

O‘zA