Olmaliq kon- metallurgiya kombinatida ilm fan va ishlab chiqarish integratsiyasi tufayli ko‘plab yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, kombinatning Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish birlashmasi qoshidagi O‘zbek-Koreys ilmiy texnologik markazi mutaxassislari tomonidan volfram tarkibli chiqindilardan 96 foiz kobaltni ajratib olishga erishildi. Volfram chiqindilaridan ajratib olingan kobalt metallini qayta ishlab chiqarishga jalb qilish bo‘yicha anchadan buyon samarali ishlar olib borilmoqda.

Kobalt asosan metallardan kesuvchi asboblar tayyorlashda ularning yemirilishga bardoshli va chidamliligini  oshirishda muxim ahamiyat kasb etadi. Shu bois yangi texnologiya asosida ajratib olinadigan kobaltdan metallarga ishlov berish uchun kesuvchi asboblar tayyorlanib, ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qilish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Shu o‘rinda  ta’kidlash joizki, ayni paytda dunyo bozorida kobaltga bo‘lgan  talab taklifdan kamida 10 foiz oshib bormoqda, ya’ni yetmagan kobalt miqdori chiqindilardan ajratib olinmoqda.

Kobalt va uning birikmalari sanoatning turli sohalarida qo‘llaniladi. Masalan, radio–texnika, rangli metallurgiya, po‘lat qotishmalar tayyorlashda, litiy ion batareyalarning elektrodlari, katalizatorlar shular jumlasidan. E’tiborlisi, respublikamizda kobalt 100 foiz import mahsulot xisoblanadi. Taxminlarga ko‘ra, 2030 yilga kelib, dunyoda birinchi ishlab chiqarilgan elektromobillar eskira boshlaydi. Shunda ushbu batareyalarni qayta saqlash, qayta ishlash hamda kobalt metallini ajratib olish yanada dolzarb masala bo‘lib qoladi. Ishlab chiqilgan yangi texnologiya, kelajakda elektromobillarning, smartfonlarning ishdan chiqqan litiy akkumulyatorlaridan kobaltni ajratib olishga qo‘llanilishi uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi va eng muhimi atrof muhitni himoya qilishda keng qo‘llaniladi.

Bir so‘z bilan aytganda, volframli qattiq qotishmalar ishlab chiqarish sohasida chiqindisiz texnologiya yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Hozirgi kunda sinov jarayonlari muvaffaqiyatli  o‘tdi va ishlab chiqarishga joriy qilindi.

 

OKMK Axborot xizmati  

O‘zA